O`zbekiston bo`yicha 100 ta bolalar oromgohi Prezident qarori bilan Q.Rafiqov rahbarligidagi Kasaba uyushmalari federasiyasi tizimiga mulk huquqi asosida topshirilmoqda.
Uyushmaga o`tgan bolalar oromgohi va sanatoriylar uchun soliq to`lovchilar, ya`ni byudjet pulidan ham mablag` ajratiladi.
Shuningdek, kasaba uyushmalariga bepul berilgan bolalar oromgohlarini saqlash, rekonstruksiya qilish va yangilarini qurish uchun maxsus jamg`arma tuzilishi kutilmoqda.
Qarorga ko`ra, 2023 1 yanvardan boshlab Qoraqalpog`iston Respublikasining respublika byudjeti, viloyatlar, Toshkent shahri, shuningdek, tumanlar (shaharlar) mahalliy byudjetlari daromadlarining choraklar yakunlari bo`yicha aniqlanadigan prognozdan oshirib bajarilgan qismining 10 foizi jamg`armaga o`tkazib beriladi.
Mazkur qarorda jamg`arma qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar tomonidan ham moliyalashtirilishi mumkinligi ham ko`zda tutilgan.
Kasaba uyushmalari tarkibiga o`tgan 100 ta bolalar oromgohi va sanatoriylarida uyushma a`zolari uchun yo`llanmaning 50 foizi to`lab beriladi.
Shu vaqtgacha davlat tarkibida bo`lgan oromgohlardagi vaziyat qoniqarli bo`lmagan. Uyushmalarga tegishli oromgohlar yillar davomida sovet ittifoqidan qolgan inventarlar bilan qo`l uchida xizmat ko`rsatib kelgan. Xususiy tadbirkorlarga tegishli oromgohlarda esa sog`lom raqobat seziladi. Qolaversa, kasaba uyushmalari a`zolari doim oromgohlarga yo`llanmalar etishmasligidan nolib kelgan.
Respublikadagi 100 ta oromgohlarning yana kasaba uyumalariga berilishi yana eski tizimga qaytish emasmi?
Hozirda kasaba yushmasiga tegishli bo`lgan sanatoriylarning ahvoli qay darajada?
Ular xususiy oromgohlar bilan raqobatlasha oladimi?
Hozircha bu savollar ochiq qolmoqda. Uyushma rahbariyati bu haqida ma`lumot bergan emas.