Ushbu hujjatga ko`ra, XMK bankka 50 million dollar miqdorida subordinasiyalangan kredit ajratish hamda evroobligasiyalarni muomalaga chiqarib, uni xususiy tarzda joylashtirishga ko`maklashuv taqdim etadi.
Bu bilan korporasiya Bank kapitalining etarliligini ta`minlash orqali uning xususiylashtirishdan avvalgi tadbirlariga ko`maklashishni ko`zda tutmoqda. Xususan,bankning kichik va o`rta biznes sub`ektlarini kreditlash imkoniyatini oshirish hamda xalqaro kapital bozorlarida evroobligasiyalarini ikkinchi bor joylashtirishini moddiy va konsultativ qo`llab-quvvatlaydi.
XMK 2018 yildan buyon O`zsanoatqurilishbank tizimida korporativ boshqaruvni mustahkamlash, biznes jarayonlarni qayta ko`rib chiqish, uning operasiyalarini tijoratlashtirish, xavflarni boshqarishni takomillashtirish hamda “yashil” bankingni rivojlantirish borasida yaqindan ko`maklashib kelmoqda.
Bank faoliyatini diagnostikadan o`tkazib, mijozga yo`naltirilgan tamoyilda ish yo`lga qo`yilganidan so`ng, bugungi tomonlar o`rtasidagi hamkorlik transformasiyaning uchinchi bosqichida IT tizimni yangilash va tegishli infratuzilma yaratishga qaratilgan yangi biznes model asosida olib borilmoqda.
Ta`kidlash joizki, XMK O`zsanoatqarilishbankka joriy yilning avgust oyida 75 million dollar miqdorida kredit liniyasi jalb qilgan. Ushbu mablag` muassasani xususiylashtirish jarayoniga tayyorlash bo`yicha zarur choralarni amalga oshirish uchun uning aksiyadorlik kapitaliga konvertasiya opsiyasi bilan ajratilgan edi.
Bank Axborot xizmati