Har qanday oliy davlat organi bo`lsada, belgilangan qonun va tartiblarga amal qilishi kerak. Shunda O`zbekistonda bizlar istagan huquqiy demokratik jamiyat bunyod bo`ladi. Aks holda esa…
To`g`ri avvalgi boshqaruv tuzilmasida yuqori darajadagi tuzilmalar hammaga, hatto jamoat va nodavlat tashkilotlarga ham buyruq, ko`rsatma, topshiriq berishi va ularni nazoratda ushlashi tabiiy hol bo`lgan. Bunday qonunsizlik oddiy tartibot sifatida qabul qilingan. Ammo bugun boshqaruv tizimi ham yangilandi, O`zbekiston ham…
Biroq hamon eski davrlardagidek fikrlashdan voz kechilmaganmi yoki Prezident Administrasiyasida qonun va tartiblarni mensimaganlar o`tiradimi, aslida mustaqil bo`lishi kerak bo`lgan O`zbekiston Jurnalistlari uyushmasiga “yuqori” dan topshiriq va nazoratlar davom etayotgan ko`rinadi.
Uyushma «15 dekabr — Xalqaro qishloq ayollari kuni» munosabati bilan qishloq ayollarini OAVda yoritgan jurnalist va blogerlar o`rtasida tanlov tashkil qildi. Kuni kecha ushbu tanlovning taqdirlash marosimi bo`lib o`tdi. Jurnalistlar tomonidan OAVga kelgan tadbirga taklif xatida Prezidenti Administrasiyasi rahbarining topshirig`iga asosan tanlov o`tkazayotgani bayon etilgan.
Uyushmalar aslida davlatdan mustaqil tashkilot bo`lishi kerak. Xo`sh, Jurnalistlar uyushmasi mustaqil tashkilot emasmi?
Rost24.uz muxbiri O`zbekiston Jurnalistlari uyushmasi raisi Olimjon O`sarovni bu borada savolga tutdi:
— Biz jurnalistlar uyushmasini mustaqil tashkilot deb bilardik. O`zi aslida ham uyushmalar davlatdan mustaqil bo`lishi kerak, lekin mazkur tanlov bilishimiz-cha, Prezident administrasiyasi rahbarining buyrug`i asosida tashkil etilgan ekan. Prezident Administrasiyasi uyushmaga buyruq beradigan bo`lsa, uni mustaqilligi shubha ostida qolmaydimi?
Uyushma raisi, bu buyruq emas, balki Prezident Administrasiyasi tomonidan ushbu tanlovni o`tkazish uchun taklif bildirilganini, lekin muddat juda kamligi uchun ularning javobini kutib o`tirmaganligini aytib o`tdi.
— Biz Jurnalistlar uyushmasi tashabbus qilgan holda bu tanlovni o`tkazishga jazm qildik. Aslida bunday tanlov o`tkazish rejada bor edi. Bu xat esa faqat asos bo`ldi. Menimcha, ish topshirgan har bir nomzod g`oliblikka arziydigan edi. Afsuski, imkonimiz etmadi siz aytgandek nodavlat tashkilotmizda bizni byudjetimiz unaqa katta emas. Imkonimiz bo`lganda ish topshirgan har bir jurnalistni taqdirlar edik, — deya javob qildi Olimjon O`sarov.