ShODMONQUL SALOM:Har bir xalq uchun o`z tili aziz va muqaddas

19.10.2022 13:34

Joriy yilning 18 oktyabr kuni O`zsanoatqurilishbank tomonidan O`zbek tili bayrami munosabati bilan «Qadring baland bo`lsin, ona tilim» shiori ostida ma`naviy tadbir tashkil etildi. Tadbirga O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a`zosi, «Do`stlik» ordeni sohibi, shoir Shodmonqul Salom taklif etildi.

O`zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro`-e`tiborini tubdan oshirish, unib-o`sib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy an`ana va qadriyatlarga sadoqat, ulug` ajdodlarimizning boy merosiga vorislik ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini to`laqonli joriy etishni ta`minlashga qaratilgan qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, O`zbekiston Respublikasining 2020 yil 10 apreldagi «O`zbek tili bayrami kunini belgilash to`g`risida»gi Qonuni bilan 21 oktyabr - O`zbek tili bayrami kuni etib belgilandi.

Bank xodimlari ishtirokidagi tadbirda so`z olganlar o`zbek tili xalqimizning shu kungacha qo`lga kiritgan yutuqlaridan eng zalvorlisi ekanligini ta`kidladi.

–Har bir xalq uchun o`z tili aziz va muqaddas, – deydi tadbir mehmoni Shodmonqul Salom. – Biz uchun ham o`zbek tili milliy mustaqilligimiz timsoli, jamiyat ko`zgusi va davlat ramzi sifatida istiqlol yillarida xalqimizni erkin va ozod, farovon hayot qurishdek buyuk marralarga safarbar etadigan beqiyos kuch sifatida maydonga chiqdi.

Shuningdek, tadbirda o`zbek tilining xalqaro minbarlarda siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma`naviy-ma`rifiy jabhalarda faol qo`llanilayotgani, xorijiy mamlakatlarda tilimizga e`tibor va uni o`rganishga qiziqish kuchayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Tadbir so`ngida davlatimiz rahbarining 2019 yil 21 oktyabrdagi «O`zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi farmoni ijrosi doirasida Davlat tilida ish yuritish asoslarini o`qitish va malaka oshirish markazi tomonidan lotin yozuviga asoslangan davlat tilida ish yuritish asoslari bo`yicha o`qitilgan xodimlarga sertifikat taqdim etildi.

Bank Axborot xizmati

                                                         Reklama 
 


 

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
19.10.2022 21:11
Д авлат тили ривожланишига тўсиқ бўлиб ётган шлагбаум рус тили бўлади. Давлат тилида бехато ўқиш, ёзиш ва сухбатлашишни биламаган одам ҳеч қандай давлат ишида ишалтилмаслиги керак. Боғчаларда фақат давлат тили ишлатилиши керак