«Bir kun bo`lsa ham oyog`im bo`lganda, onamga qaragan bo`lardim...»

09.10.2022 13:29

Imkoniyati cheklanmagan chevar Sohiba Yigitova hikoyasi

Sohiba Yigitova 1978 yilda Farg`ona viloyati Bag`dod tumanida tug`ilgan, u oiladagi olti farzandning beshinchisi. Uning uch opasi, bir akasi boshqa bolalardek sog`lom.

- Bolaligimda va o`spirinlik yillarimda men nega boshqalarga o`xshamayman deb ko`p o`ylardim, keyinchalik bu haqda o`ylamay qo`ydim - deydi Sohiba biz bilan suhbatda. U 7-sinfgacha ta`lim olgan. O`sha paytdagi o`qituvchilarning e`tiborsizligi, o`z ishiga sovuqqonligi natijasida 11-sinfgacha o`qiy olmagan. Bir necha marta tuman mas`ullariga oliy ta`lim olish haqidagi orzularini aytdi. Ular ham o`rta ma`lumot olganligi haqidagi hujjatni olib berishga harakat qilishdi, lekin bu ishlar ham oxiriga etmadi.

Sohibaning aytishicha, tikuvchilikni u birorta tikuvchidan alohida ustoz olib o`rganmagan. Bu hunarni u marhum Ostonaxon buvisidan o`zlashtirgan. 8 qiz, uch o`g`ilni tarbiyalab, katta qilgan Ostonaxon buvisi Sohibaga etarli darajada vaqt topa olgan. Sohibaning ukasi unga astoydil g`amxo`rlik qiladi. Imkoniyatlaridan kelib chiqib, unga maxsus uy qurib berdi. Hozir ta`mirlash ishlari oxiriga etmagan bo`lsada, Sohibaning yangi uyidan ko`ngli to`q.
 

Qahramonimizning aytishicha, ota tarafdan buvisi Salomatxon aya ham o`z davrining «Mariya Lopes»i bo`lgan. Hamma ayollar choki pishiq, choki tekis deb buvijonimga buyurtmalar olib kelishgan. Sohiba ham hozirda ikkala buvisining ham hunarini davom ettiryapti. Mahalliy hokimlik organlarining qo`llovi bilan unga tikuv mashinalari ham olib berilgan. Hozirda u o`zbek kelinlari sepi uchun zarur bo`lgan ko`rpa-to`shaklar,turli ayollar liboslari, xo`jalik sumkalari tika oladi. Tayyor tikuvchilik namunalariga turli bezaklar beradi.
 

44 yoshga kirgan Sohiba Yigitova shu kungacha 100 dan ziyod chevar shogirdlar chiqardi. Ko`plab kelinlarning sarpolarini tayyorlab berdi.Uning eng katta armoni onasining barvaqt o`limi bo`ldi. Qur`oni Karimni bir necha marta xatm qilgan, orzulariga birin-ketin erishayotgan Sohibaning eng katta orzusi hali ro`yobga chiqqani yo`q. U dadajonisi va onajonisi borligida «Sultonshoh» bo`lib yashaganligini, ular Sohibaning barcha istaklarini amalga oshirishganligini aytadi.

- Eng qiyin kunlarim onamning xasta bo`lib yotganida bo`ldi. Qani edi Allox hech bo`lmasa onam xastaligida oyoqlarimni berganda edi, onamga qarardim....Keyin yana shu aravachaga mixlanib qolishga ham rozi edim,- deydi u o`ksinib.

- Birovga muhtoj emasligim, guldek hunarim borligi, kimgadir nafim tegayotganligi men uchun katta baxt, yashashni mendan o`rganishsin, -deydi Sohiba Yigitova suxbat yakunida.

Qahramonimiz onasiga bundan keyin ham hayotdan bahra olib yashashga, hech qachon birovga nolimaslikka va`da bergan. Va ana shu bergan va`dasi asosida g`amxo`r ukasi bilan birga hayot kechirmoqda.

Batafsil videoda ko`ring:

 

Muallif: Sharifa Madrahimova

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
4
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар