ShHT sammiti: Muloqot muhiti bor, dastlabki natijalar ham

15.09.2022 10:53

Bugun Samarqand shahrida 10 dan ortiq davlat rahbarlari yig`ilmoqda. Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitining birinchi ish kuni boshlanish arafasida. Hozirgacha Samarqand aeroporti Xitoy, Eron, Mo`g`uliston, Qirg`iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Rossiya Federasiyasi davlat rahbarlarini qabul qildi.

Mutaxassislar ShHT sammiti murakkab geosiyosiy vaziyatlar fonida o`tayotganini ta`kidlashmoqda. O`zbekiston tomoni esa bir biri bilan qaysidir ma`noda ziddiyatli vaziyatda bo`lgan davlatlar uchun ham bugungi sammit muloqot maydoni bo`la olishini ta`kidlamoqda.

G`arb ShHT Samarqand yig`ilishida Rossiya Federasiyasi prezidenti ustunlik qilishidan xavotirda. O`zbekiston esa ShHTga a`zo davlatlar o`zaro teng huquqli ekanligi va uchrashuvlar ham aynan shunday ruhda o`tishini aytgan. Samarqandga O`zbekiston hududiy yaxlitligiga oid keskin bayonotlar bergan Belorusiya prezidentining ham kelishi kutilmoqda.

Shuningdek, sammit davomida turk nashrlari Turkiya davlati prezidenti Rejep Tayip Erdo`g`an Rossiya Federasiyasi prezidenti Vladimir Putinni Ukraina prezidenti Zelenskiy bilan muzokara stoliga o`tirishga chaqirishi haqida yozmoqda. Hamda Rossiya va Xitoy rahbarlarining muloqotida yangilik kutilayotgani aytilmoqda.

Rossiya prezidenti Ukrainadagi vaziyat sabab ko`p davlatlarda xohlanmagan mehmonga aylangan. Xitoy xalq respublikasi raisi esa pandemiyadan keyin ilk bor qator davlatlar xususan Rossiya etakchisi bilan yuzma-yuz uchrashmoqda.

O`zbekiston sammitda qatnashadigan davlatlar uchun muloqot maydoni yaratib berayotgani aytilmoqda. Biroq hozirgacha bu muloqotlardan qanday yirik o`zgarish yoki echimlarga kelinishi haqida tahlilchilar biron yangilik aytgan emas.

Xususan, O`zbekiston va Eron o`rtasida kecha qator shartnomalar imzolangan. Kechagi uchrashuvlardagi katta yangilik Qirg`iziston, Xitoy va O`zbekiston davlatlarini bog`lovchi temir yo`lni qurish bo`yicha hamkorlikka erishilgani bo`ldi. Bilamizki, Qozog`iston orqali o`tadigan bu temir yo`l ayni damda O`zbekistonni tashqi bozor bilan bog`lovchi yagona temir yo`li bo`lib qolmoqda. Afg`oniston orqali o`tuvchi temir yo`li hamon yakuniga etkazilgan emas. Bu masala ham bugungi sammit a`zolari o`rtasida muhokama qilinuvchi mavzulardan bo`lishi shubhasiz.

Rost24 Sammit haqida yangilik va xabarlar uzatishda davom etadi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
2
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар