“Qishloq qurilish bank” uch yo`nalishda ipoteka krediti ajratmoqda

26.08.2022 10:54

“Aholini uy-joylar bilan ta`minlashga doir islohotlar va unda “Qishloq qurilish bank” ishtiroki” mavzusida o`tkazilgan matbuot anjumanida ATB “Qishloq qurilish bank” tomonidan ajratilayotgan sarmoyalar, erishilayotgan natijalar va rejalar haqida ma`lumot berildi.

Hozirda  yangi tartib doirasida qurilgan, mulk huquqiga ega hamda qabul qilib olinganiga uch yildan ko`p bo`lmagan, yangi qurilgan 4 va undan yuqori qavatli uy-joylar yoki undagi kvartiralarni xarid qilish uchun  kredit shartnomalari tuziladi. Mazkur ipoteka kreditlari 20 yil muddatgacha, boshlang`ich  badal  sotib olinadigan kvartira qiymatining 15 foizidan kam bo`lmagan miqdorda taklif qilinadi.

Bank tomonidan ajratilayotgan ipoteka kreditlarining ikkinchi yo`nalishi, aholining shaxsiy er uchastkasida uy-joy qurish va qayta qurish uchun mo`ljallangan kreditlardir.

Ushbu kredit turi O`zbekiston Respublikasi milliy valyutasida, aholi shaxsiy er uchastkasida uy-joy qurish va qayta qurish uchun 20 yilgacha, mijoz istagidan kelib chiqib 6 oygacha imtiyozli davr bilan ajratiladi. Kredit foizi bozor stavkalari asosida o`rnatilib, boshlang`ich badal miqdori loyiha-smeta qiymatini 15 foizidan kam bo`lmasligi talab etiladi.

So`nggi uchinchi yo`nalish – “Qishloq qurilish invest” IK ishtirokida arzon uy-joylar qurilishi uchun ajratilayotgan ipoteka kreditlari hisoblandi. Kredit 1 yillik imtiyozli davr bilan 20 yilgacha muddatga beriladi. Kredit foiz stavkasi dastlabki 5 yilda 7 foizdan Markaziy bankning asosiy stavkasi darajasigacha bir me`yorda oshib boradigan stavkada va keyingi davrda asosiy stavkasi miqdorida beriladi.

Ushbu  kreditlarni  olish  uchun  mijoz Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 9 fevraldagi 103-sonli qaroriga asosan tegishli tavsiyanomaga ega bo`lishi hamda “Qishloq qurilish invest” IK bilan uy-joy olish yuzasidan tegishli shartnoma rasmiylashtirishi talab etiladi.

Ipoteka kreditlari Qoraqalpog`iston Respublikasi va viloyatlarda – 327,25 million so`mdan hamda Toshkent shahrida esa – 416,5 million so`mdan ortiq bo`lmagan miqdorda ajratilmoqda.

Shuningdek, matbuot anjumanida davlat byudjetidan subsidiyalar to`lashda kvartira maydonining eng ko`p me`yorini belgilash amaliyoti bekor qilingani qayd etildi. Sotib olinadigan kvartira joylashuvi, qiymati va maydonidan qat`iy nazar, dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun subsidiyalar 32 million so`m etib, qat`iy belgilangan.

E`tiborli jihati, subsidiya bo`yicha arizalar yilning istalgan paytida berilishi mumkin va subsidiya xabarnomalari berilgan paytdan boshlab, bir yil davomida amal qiladi.

Reklama 

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
3
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар