Prezident Admnistrasiyasi rahbari o`rinbosari darajasiga ko`tarilgan Komil Allamjonov ma`suliyatli vazifaga tayinlanganini e`lon qilganiga hali bir oy ham bo`lmasidan manfaatlar to`qnashuvini yuzaga keltirdi.
Allamjonov lavozimga tayinlagach, dastlabki chiqishida kelajakda ma`suliyatli vazifasida manfaatlar to`qnashuviga yo`l qo`ymasligini va boshqalarga ham shuni maslahat berishini ta`kidlagan edi. Maslahat berish oson, ammo amal qilish boshqa ekan…
Davlat mulozimi egallab turgan lavozimi yuzasidan Prezident bilan Saudiya Arabistoniga safar qildi. Safarni yoritish masalalariga u bevosita ta`sir qilish vakolatiga ega shaxs hisoblanadi. U bundan foydalangan holda Prezidentning Umra ziyoratiga bag`ishlangan maxsus hujjatli filmni o`ziga tegishli bo`lgan (hozirda boshqaruvi boshqalarga topshirilgan) «Milliy» telekanalda namoyish etishga imkon yaratib berdi.
Manfaatlar to`qnashuvi qachonki sen egallab turgan lavozimdan foydalanib ommaviy manfaatni emas, faqat o`z shaxsiy manfaatingni o`ylab qaror chiqarganingda sodir bo`ladi. Bizning 20 avgust kuni qilgan surishtiruvimizga ko`ra, boshqa xususiy telekanallarga Prezident Umra ziyoratini to`liq suratga olish imkoni berilmagan va tayyor to`liq lavha ham ularga taqdim etilmagan.
“Milliy” telekanalda 20 avgust kuni soat 19:30 uzatilishi kerak bo`lgan hujjatli film Allamjonovning yaqin hamkasbi Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning rasmiy telegram tarmog`ida ham reklama qilindi.
Biz shu vaqtgacha Asadovning rasmiy kanalida boshqa xususiy telekanallar ko`rsatuvi reklama qilingani haqida xabar topa olmadik. Asadov ilk bor o`ziga yaqin hamkasbi Allamjonov ta`sis etgan kanal ko`rsatuvini reklama qilayotganida kasbiy etikani buzganini sezdimikan? Asadov o`z rasmiy kanalida “Milliy” telekanaldagi ko`rsatuv e`lonini reklama huquqi ostida taqdim etmagan bo`lsa-da, reklama to`g`risidagi qonunchilikka ko`ra logotip va ko`rsatuv vaqti, joyini e`lon qilish reklama hisoblanadi. Huddi shu tarzda endilikda rasmiy davlat amaldori bo`lgan Komil Allamjonov ham o`zining rasmiy maqomdagi saytida o`zi ta`sis etgan (hozirda boshqaruvi topshirilgan) telekanalini reklama qildi. Bu xususiy ommaviy axborot vositalarining o`zaro sog`lom raqobatiga jiddiy ta`sir qilmaydimi?
Bu voqealar ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo`ldi. Ko`pchilik (aksariyat jurnalistlar) Allamjonov yana o`zining shaxsiy biznesi targ`iboti varivoji uchun davlat bergan vakolatlardan foydalanayotganini ta`kidladi. Shundan so`ng yana bir xususiy kanallardan birida Prezidentning Saudiya Arabistoniga qilgan tashrifi bo`yicha alohida ko`rsatuv tashkil qilindi. Ammo, o`z hamkasbi ta`sis etgan telekanalni reklama qilgan Sherzod Asadov boshqa xususiy kanaldagi Prezidentga tegishli ko`rsatuvni e`lon qilmadi. Nega?
Biz, davlat amaldoridan Prezident ishonch va farmon bilan tayinlagan ma`suliyatli vazifasini bajarishda shaxsiy manfaatlarini aralashtirmasligini so`ragan bo`lar edik. Zero, Allamjonov o`zi manfaatlar to`qnashuviga yo`l qo`ymasligini ta`kidlagan va boshqalarga ham shuni maslahat bergan edi.
Tushunamiz maslahat berish oson, ammo uni bajarishing qiyin bo`ladi, ayniqsa, shaxsiy manfaat turganida…