Qaddi bukilgan simyog`och, suvsiz ariq, loy ko`chalar, suvsizlik sabab tarqalgan kasallik... Televizordagi islohotlar etib borishidan umidvor chambilliklar bugun qanday yashamoqda?
Bu qishloqda eng katta qilingan islohot - yo`lga tosh to`kilgani bo`lgan. Rost24.uz muxbirlari tomonidan tayyorlangan «Mahallangizda muammo bormi?» loyihasining navbatdagi soni — Qashqadaryo viloyati, Qamashi tumani, «Balandchayla» mahallasi, Chambil qishlog`ida o`tkazildi.
Chambil. Bu qishloq odamlaridan keyingi o`zgarishlar, islohotlar haqida so`rasak, «yo`limizga shag`al to`kkandi», deb xursand bo`ladi. Loy ko`chasi, tosh ko`chaga aylanganiga ham shukr qiladi. Na maktab bor, na bog`cha, na gaz, na elektr… Ichimlik suvini uzoqlardan amallab olib keltiradi, lekin, toza suv tanqisligi sababli kasallik ham chiqayotgani ular ko`ngliga g`ulg`ula soladi...
Milliardlarni turli «innovasion» loyihalarga, tadbirlaru, qishloqni rivojlantirish bo`yicha anjumanlarga sarflayotgan, kondisionerli xonalarda o`tirgan amaldorlar, O`zbekistonda shunday qishloqlarda odamlar hamon yashayotganidan xabari yo`q deb o`ylaysizmi!? Shunchaki, bilmaslikka olish qulayroq...
O`zini hamshira deb tanishtirgan ayolning aytishicha, suvsizlikdan aholi ichida kasallik tarqalgan. “«Kana» kasal ham, boshqa kasal ham ko`p. Masalan, shu suvsizlik ortidan bir nevaram mart oyidan beri Toshkentga borib davolanyapti»,— deydi u.
Qishloq kishilari biri tuman hokimligiga bir necha marta — yangi transformator, yo`l, yaroqli simyog`och va boshqa masalalar bo`yicha murojaat qilganliklarini aytadi. Biroq, biror amaliy javob bo`lmagan:
«Murojaat qilganimizda falon kuni borishadi, piston kuni borishadi. Hech bo`lmaganda, transformator qo`yib berishadi, deyishgandi. Mana hali beri natija yo`q. (Balandchayla) mahallamizga qarasak, ancha o`zgarishlar bo`lgan, lekin bizning (Chambil) qishlog`imizga etib kelmagan».
Chambilliklarning hayot tarzini videoda ko`ring va xulosani o`zingiz bering!