«Reklama to`g`risida»gi Qonunning davlat tiliga talab belgilangan moddasi toshbo`ron qilinmoqda. Departament raisi Sobir Shukurov esa pistirmada jon saqlayotgandek, jim...
Reklama to`g`risidagi qonunning davlat tili talabi to`g`risidagi bandi bir necha kunlardan buyon qizg`in muhokamalarga sabab bo`lmoqda. Aniqrog`i reklamalarda davlat tili ustunligiga urg`u berish to`g`risidagi band tanqidlar ostida qoldi. Bu bandni qo`llab-quvvatlagan adliya vaziri maslahatchisi, bloger Shahnoza Soatovaga nisbatan ham keskin tanqidlar yog`ilgan. Ayni mana shu bahslar fonida Ma`naviyat va davlat tilini rivojlantirish departamenti raisi Sobir Shukurov negadir hech qanday munosabat bildirmayapti.
Reklama to`g`risidagi yangi qonunga ko`ra, O`zbekiston Respublikasi hududida reklama O`zbekiston Respublikasining davlat tilida tarqatiladi. Tarjimalar davlat tilida berilgan harflar hajmidan kichik bo`lishi talabi qo`yilgan va u reklama taxtasini 40 foizdan ko`prog`ini egallashi mumkin emas. Yangi qonun joriy yilning 9 sentyabr sanasidan kuchga kiradi, ammo ko`cha ko`ydagi reklama peshtaxtalarida hozircha o`zgarish sezilayotgani yo`q.
Bu haqida xavotir bilan ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida post qoldirgan Shahnoza Soatova hozircha hujumlar ostida qolmoqda.
Ma`naviyat va davlat tilini rivojlantirish departamenti internet saytida mazkur muhokamalar yuzasidan bironta chiqishlar yo`q. Tashkilot rahbari Sobir Shukurovning departament raisi sifatidagi maxsus telegram kanalini ham topa olmadik. Shukurovning feysbukdagi sahifasida ham bironta davlat tili mavzusiga oid chiqishlar uchramaydi.
Departament saytida 8 avgust sanasida Buxoro viloyati, Vobkent tumanida «Reklama to`g`risida»gi Qonun bo`yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida Vobkent tuman hokimligi axborot xizmati materiali, Qashqadaryoda ayni masala yuzasidan olib borilgan ishlar haqidagi xabarni hisobga olmasak yangi qonun ustidagi muhokamalar bo`yicha chiqishlar qilinmagan.
Sobir Shukurov ma`naviyat va davlat tilini rivojlantirish departamenti rahbarligiga tayinlanganda rost24.uz saytida tobora abgor bo`lib borayotgan tizimni yanada yo`qlikka mahkum qilish uchun shunday rahbar qo`yilganiga xavotir bildirilgan edi.
Shu vaqtgacha til haqida kuyunib biron satr yozmagan, yarim og`iz gap aytmagan Sobir Shukurov mana departamentga rahbar etib tayinlanganiga 3 oy bo`lgan bo`lsada, hamon jim.
Bugun, ijtimoiy tarmoqlarda davlat tili masalasiga befarq qolishning o`zi jinoyatdek qaralmoqda. Til borasidagi bahslar, axboriy urushlar doim avjida. O`zbekiston davlat tilini himoya qilganlarning o`zi himoyaga muhtoj bo`lib qolmoqda, ammo departament raisi Sobir Shukurov go`yoki oyda yashayotgandek bu bahs va munozaralardan bexabar ko`rinadi.
Rost24.uz sayti 3 oy avval ko`targan savollarini yana takrorlaydi:
Xo`sh rahbar qo`yildi. Nima sababdan? Qaysi karomati uchun? Qanday ishlarni bajargani uchun shu joyga munosib ko`rildi?
Oddiy va haqli savollarga javob berishni, eng avvalo, hukumatdagi mas`ullar o`ylashi kerak va bu yuzasidan jamoatchilikka hisob berishlari zarur.