Millat genofondini o`ylaydigan vaqt kelmadimi?
Sog`liqni saqlash vazirligi deputatlardan tamaki va alkogolni cheklash to`g`risidagi Qonunni tezlatishni so`radi.
Vazirlik 2022 yilning 9 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi Yalpi yig`ilishida “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste`mol qilinishini cheklash to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonunini ko`rib chiqilishini so`ramoqda.
Sog`liqni saqlash vazirligi huzuridagi Aholining sog`lom turmush tarzini qo`llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi mazkur Qonunning Yangi tahrirda ma`qullanishi millat genofondini alkogol va tamaki mahsulotlaridan himoya qilishga xizmat qilishini aytmoqda.
Joriy yilning 13 iyun kuni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma ettinchi Yalpi majlisida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 2021 yil 21 dekabrda qabul qilingan “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste`mol qilinishini cheklash to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuni ko`rib chiqilgan edi. 7 iyunda qabul qilingan “Reklama to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonunda esa tabiiy va ko`piklanadigan vinolar bilan birga pivoni cheklangan tarzda reklama qilishga ruxsat berilgan bo`lib, ko`rib chiqilayotgan Qonunda pivo reklamasini to`liq taqiqlash ko`zda tutilgan edi.
Ushbu nomuvofiqlikni hamda qator juz`iy kamchiliklarni bartaraf etish uchun Qonun Qonunchilik palatasiga qaytarilgan.
Ayni vaqtda quyi palata tomonidan Kelishuv komissiyasi tuzilib, Qonun Senatning takliflari asosida qayta ko`rib chiqildi.
Ertaga, 9 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik Palatasining navbatdagi Yalpi yig`ilishida Qonun bo`yicha kelishuv komissiyasining xulosasi ko`rib chiqish rejalashtirilgan.