Fuqaro N.Sattarovaning Bo`ston tumani Maktabgacha ta`lim tashkiloti mansabdor shaxslarining xatti-harakatlari bo`yicha yo`llagan video murojaati ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgandi.
Ushbu holat yuzasidan Andijon viloyat prokuraturasi munosabat bildirib, “Bo`z Iqbol chorvasi” MChJ rahbari N.S. Bo`ston tumanidagi “Buyuk turon chorvasi” fermer xo`jaligi dala maydonidagi daraxtga arqon bilan o`zini osib, vafot etgani holati bo`yicha Bo`ston tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borayotgani va shuningdek, fuqaro N.Sattarovaning marhum akasi rahbarlik qilgan “Bo`z Iqbol chorvasi” MChJ tomonidan tumandagi maktabgacha ta`lim tashkilotlariga etkazib berilgan oziq-ovqat mahsulotlarining pullari to`lab berilmagani haqidagi murojaati ham prokuratura tomonidan o`rganilayotgani ma`lum qilgan edi.
Maktabgacha ta`lim vazirligi ushbu holat yuzasidan rasmiy munosabat bilan chiqdi:
Ijtimoiy tarmoqlarda “Andijonda tadbirkor o‘zini daladagi daraxtga arqon bilan osib o‘ldirdi” sarlavhasi ostida Andijon viloyati Bo`ston tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro N.S tomonidan, marhum akasi N.Sattorov Bo`ston tumani maktabgacha ta`lim bo`limi rahbar va mutasaddi xodimlari faoliyatidan norozi bo`lib videomurojaat orqali shikoyat qilgan.
Mazkur holat Maktabgacha ta`lim vazirligining tegishli mutaxassislari tomonidan o`rganilganda qo`yidagilar aniqlandi.
Andijon viloyati Bo`ston tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro N.S. Andijon viloyati maktabgacha ta`lim boshqarmasiga Bo`ston tuman maktabgacha ta`lim bo`limi xodimlarining xatti-harakatidan norozi bo`lib murojaat qilgan.
Andijon viloyati maktabgacha ta`lim boshqarmasining 13.07.2022 yildagi (75-x/s-sonli) buyrug`i bilan ishchi guruh shakllantirilib, masala joyida o`rganilgan.
O`rganish davomida tuman maktabgacha ta`lim bo`limi hamda “Bo`z Iqbol chorvasi” MChJ o`rtasida 925.6 mln. so`mga oziq-ovqat mahsulotlarini etkazib berish bo`yicha shartnomalar tuzilgani, shuningdek, tuman maktabgacha ta`lim bo`limi tomonidan “Bo`z Iqbol chorvasi” MChJ hisobiga 925.6 mln. so`m mablag`lar o`tkazib berilgani ma`lum bo`lgan.
Ishchi guruh tomonidan aniqlangan ma`lumotlar, Andijon viloyati maktabgacha ta`lim boshqarmasining 2022 yilning 22 iyuldagi (01-15/02-861-son) xati bilan Bo`ston tuman prokuraturasiga huquqiy baho berish va surushtiruv ishlarini olib borish maqsadida hamda murojaatchining yashash manziliga tegishli xat yuborilgan.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, tuzilgan shartnomalarni qonuniyligi va ta`minotchi korxona bilan maktabgacha ta`lim bo`limi o`rtasidagi to`lov munosabatlari yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o`rganish ishlari olib borilayotgani ma`lum qilinadi.
Ammo, o`rganish va tergov jarayonlari tugatilmasidan marhumning qarindoshlari tomonidan turli video murojaatlar tarqalmoqda.
Hurmatli jurnalist va blogerlar, holatga huquqiy baho berilmaguniga qadar xulosa chiqarmaylik, dalillarga asoslangan ma`lumotlarni ommaga tarqatish masalasida ehtiyot bo`laylik.
O`zbekiston Respublikasi
Maktabgacha ta`lim vazirligi