O`zbekistonda eng korrupsiyalashgan davlat organlari reytingi e`lon qilindi

15.07.2022 12:33

Qoniqarsiz, ya`ni korrupsiyalashgan davlat organlari ichida — Moliya, Sog`liqni saqlash, Oliy va o`rta maxsus, Qurilish, Xalq ta`limi kabi vazirliklar bor

2022 yil 12 yanvar kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori qabul qilingan edi.

Mazkur qaror bilan davlat organlari va tashkilotlari tomonidan sohada amalga oshirilayotgan ishlarni yagona mezon asosida baholash tizimi joriy etilib, bunda baholash 29 ta maxsus indikatorlar asosida “E-Anticor.uz” elektron platformasi orqali amalga oshirilishi belgilandi.

Qaror talablaridan kelib chiqib, baholash birinchi bosqichda o`z tizimida korrupsiyaga qarshi standartlarni joriy etayotgan 24 ta tashkilotda eksperiment tariqasida o`tkazildi.

Baholash jarayonini samarali tashkil qilish maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan:

“E-Anticor.uz” elektron platformasi ishga tushirildi;

2 fevral kuni baholash o`tkaziladigan 24 ta davlat tashkiloti mas`ul xodimlari ishtirokida seminar-trening o`tkazilib, elektron platformadan foydalanish tartibi bo`yicha qo`llanmalar taqdim etildi.

Reyting baholash natijalarining xolisligini ta`minlash maqsadida fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat bo`lgan Reyting baholashni mustaqil amalga oshiruvchi ekspertlar guruhi shakllantirilib, ular tomonidan tashkilotlar taqdim qilgan ma`lumotlar tahlil qilinib, xulosalari olindi.

Baholash davlat tashkilotlari tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashishda  bir necha tendensiya va uslublardan foydlanib, amalga oshirilayotganini ko`rsatdi.

Xususan, Davlat bojxona va Soliq qo`mitalari o`z tizimidagi barcha korrupsion xavf-xatarlarni baholash va ulardagi xatar omilini minimallashtirish hamda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmasi faoliyatini barcha tarkibiy va hududiy bo`linmalarda tashkil etish orqali korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali tizimini joriy qilgan. Bu, o`z navbatida, barcha jarayonlarni nazorat qilish mavjud xavflarga tezkorlik bilan munosabat bildirib borish imkonini beradi.

Bundan tashqari, davlat tashkiloti rahbarining korrupsiyaga qarshi kurashish bo`yicha murosasiz pozisiyasi va tashkilot tizimiga, ayniqsa aholi va tadbirkorlar bilan bevosita munosabatga kirishuvchi yo`nalishlar faoliyatiga axborot-kommunikasiya texnologiyalarini keng joriy etish orqali korrupsiyaga qarshi kurashish tendensiyasi ham mavjud. Bunga misol sifatida Adliya vazirligi, Davlat bojxona, Soliq va Statistika qo`mitalarini ko`rsatish mumkin.

Umuman olganda, baholash natijalari joriy yil “Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini o`rganish markazi bilan hamkorlikda o`tkazilgan korrupsiyaning tarqalganlik darajasini jamoatchilik ongida idrok etilishini baholashga qaratilgan so`rov natijalari bilan hamohang ekanligini ko`rsatdi.

Xususan, so`rovnoma natijalariga ko`ra aholi tomonidan eng korrupsiyalashgan yo`nalishlar sifatida qayd etilgan sog`liqni saqlash, kadastr, oliy ta`lim sohalariga javobgar bo`lgan Sog`liqni saqlash vazirligi, Davlat soliq qo`mitasi huzuridagi Kadastr agentligi, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligining korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyati “E-Anticor.uz” elektron platformasiga kiritilgan ma`lumotlarni tahlil qilish va ekspertlar fikriga ko`ra qoniqarsiz deb topildi.

Bu esa, korrupsiyaning tarqalganlik darajasini pasaytirish avvalambor, tashkilotda uning oldini olish uchun qo`llanilayotgan preventiv mexanizmlarga bevosita bog`liq ekanligini yana bir bor tasdiqlaydi.

Ta`kidlash lozimki, Reyting Baholash natijalari u yoki bu tashkilot (soha)ni korrupsiyalashgan yoki korrupsiyadan xoli degan fikrni bermaydi. 

Bundan tashqari, “E-Anticor.uz” elektron platformasiga ayrim hujjatlar yoki qilingan ishlar kiritilmagan yoki noto`g`ri kiritilganligi oqibatida tashkilotlarga tegishli ballar berilmasligining oldini olish maqsadida reytingning dastlabki natijalari tashkilotlarga taqdim qilingan, ularning fikr va e`tirozlariga asosan yakuniy reyting shakllantirilgan.

Baholash natijalariga ko`ra, 24 ta davlat tashkilotining korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligi 0 balldan 100 ballgacha reytingda baholanib, 3 ta tashkilot faoliyat samaradorligi “yaxshi”81 balldan 100 ballgacha, 10 ta tashkilot faoliyati “qoniqarli” – 55 balldan 81 ballgacha va 11 ta tashkilotning ushbu yo`nalishdagi faoliyati “qoniqarsiz” – 55 balldan past toifalarga ajratildi.

1-guruh – faoliyati “yaxshi” deb topilgan tashkilotlar

Baholash natijalariga ko`ra, Davlat bojxona qo`mitasi va Davlat soliq qo`mitasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining korrupsiyaga qarshi kurashish bo`yicha faoliyati yaxshi deb topildi.

2-guruh – faoliyati “qoniqarli” deb topilgan tashkilotlar

Baholash natijalariga ko`ra Adliya, Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish, Maktabgacha ta`lim, Transport vazirliklari, Davlat statistika qo`mitasi, Farmasevtika tarmog`ini rivojlantirish, Davlat aktivlarini boshqarish, Texnik jihatdan tartibga solish agentliklari, Toshkent shahar va Toshkent viloyat hokimliklarining korrupsiyaga qarshi kurashishdagi faoliyati qoniqarli deb topildi.

3-guruh – faoliyati “qoniqarsiz” deb topilgan tashkilotlar

Uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish, Xalq ta`limi, Qurilish, Oliy va o`rta maxsus ta`lim, Moliya, Sog`liqni saqlash vazirliklari, Sanoat xavfsizligi davlat qo`mitasi, Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish, Kadastr agentliklari, Bo`ka va Mirzo Ulug`bek tumani hokimliklarining korrupsiyaga qarshi kurashish bo`yicha faoliyati qoniqarsiz deb topildi.

Ta`kidlash lozimki, baholash davlat rahbari tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida belgilangan vazifalarning qay darajada samarali amalga oshirilayotganini monitoring qilish mexanizmini yaratish bilan birga, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, sohada sog`lom raqobat muhitini kuchaytirish, tashkilot rahbarlarining shaxsiy mas`uliyatini oshirishga va korrupsiyaga qarshi kurashishda xalkaro standartlarga asosan yagona yondashuvni shakllantirishga xizmat qiladi.

Baholash yakunlari bo`yicha: 
“yaxshi” deb baholangan davlat tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi ijobiy tajribasi ommalashtiriladi;

“qoniqarli” deb baholangan davlat tashkilotlariga ularning korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi faoliyatini yanada yaxshilash bo`yicha tavsiyalar kiritiladi;

“qoniqarsiz” deb baholangan davlat tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashishda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va ularning ushbu yo`nalishdagi faoliyatini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqiladi va ijrosi ta`minlash yuzasidan tegishli rahbarlarning hisobotlari har chorakda Korrupsiyaga qarshi kurashish bo`yicha milliy kengashning yig`ilishlarida eshitib boriladi.

Reyting baholash natijalari korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashiga yuborildi.

Eslatib o`tamiz, mazkur reyting baholash tizimi yil yakuniga ko`ra barcha davlat idoralari va tashkilotlari faoliyati bo`yicha amalga oshiriladi va jamoatchilikka e`lon qilib boriladi.

Korrupsiyaga qarshi  kurashish agentligi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
5
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар