O`zbekistonda joriy etilishi mumkin bo`lgan yangi “Fuqarolarning raqamli pasporti” majburiy xarakterga ega emas va mutlaqo bepul.
Bu haqida rost24.uz saytiga Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot kotibi ma`lum qildi.
Yangi loyiha vazirlikning elektron xukumat loyihalari markazi tomonidan ishlab chiqilgan. Mobil ilovaga ega bo`lish majburiy emas. Shuningdek, u fuqarolarga bepul taqdim etiladi. Mobil ilova fuqarolarning barcha shaxsiy xujjatlarini birgina ilovada mujassamlashtirgan holda olib yurishlariga yordam beradi.
Biroq vazirlik matbuot kotibi Sherzod Axmatov ushbu ilova qaysi mablag`lar evaziga shakllantrilishiga aniqlik kiritmadi. Mazkur loyiha hozirda tasdiqlanmagan bo`lib, u Vazirlar Mahkamasining "Fuqarolarning raqamli pasporti” loyihasini joriy qilish hisobiga aholidan muayyan faktlarni tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilish amaliyotini bekor qilishni tashkil etish to`g`risida"gi qaror loyihasining bir qismi hisoblanadi.
Eslatib o`tamiz: Ushbu loyiha haqida Rost24.uz telegram kanalida ma`lumot e`lon qilingan edi. Loyihaga ko`ra, Davlat organlari va tashkilotlariga qog`oz guvohnomalar talab qilinmaydi. Mobil ilova orqali elektron ko`rinishda taqdim etilgan taqdirda ular qog`oz hujjatga tenglashtiriladi va u bilan bir xil yuridik kuchga ega bo`ladi.
Xususan:
• Pasport;
• Haydovchilik guvohnomasi;
• Avtotransport vositasini ro`yxatdan o`tkazganlik to`g`risida guvohnoma;
• Diplom va talaba to`g`risidagi ma`lumot;
• Jismoniy shaxs tomonidan umumiy ta`lim muassasasini (11-sinf negizida) tamomlagani to`g`risida ma`lumot;
• Koronavirusga qarshi emlanganlik holati to`g`risidagi ma`lumot;
• Kadastr pasporti;
• Tug`ilganlik va nikoh qayd etilgani haqidagi dalolatnomalar bir hujjatga joylanadi.