Toshkent transportida yangi qoida - avtobuslarning old eshigidan chiqib, orqa tomondan tushish joriy etilayotganidan xabaringiz bor. Aholiga bu qanchalik qulay ekanligi borasida Rost24 muxbirlari tomonidan so`rovnoma o`tkazilgan edi. Unda aksariyat yo`lovchilar yangi qoida tizim to`g`ri yo`lga qo`yilmaganligi, avtobuslar orasidagi masofa uzoqligi sababli noqulaylik tug`dirishini aytishgan edi. «Toshshahartransxizmat» AJning bu so`rovnomaga bildirgan munosabatiga qaraganda, belgilangan reja asosida jadvallar soni to`liq bo`lgan avtobus yo`nalishlarida mazkur tartib qoida joriy etib boriladi.
- Jamoat transporti (avtobuslar va elektrobuslar) da joriy etilayotgan yangi tartib qoidaga asosan, yo`lovchilar avtobus va elektrobuslarning saloniga faqat old eshikdan haydovchining yonida o`rnatilgan maxsus validator va qurilma orqali yo`l haqi uchun to`lovni amalga oshirgandan so`ng kirishlari hamda salondan tushayotganlarida o`rta va orqa eshiklardan foydalanishlari kerak. Ushbu tartib qoida xorijiy davlatlar tajribasidan kelib chiqqan holda jamoat transportida yo`lovchilar harakatini tartibga solish, transport madaniyatini yanada oshirish va yo`lovchilar tashishdan tushadigan daromadlar shaffofligini ta`minlash maqsadida joriy etilmoqda,- deyiladi unda.
Qayd etilishicha, poytaxt bo`ylab harakatlanuvchi avtobus yo`nalishlarida mazkur tartib qoida belgilangan reja asosida bosqichma-bosqich ya`ni, birinchilardan bo`lib belgilangan yo`nalish jadvallari soni to`liq bo`lgan, harakat davomida oraliq intervali qisqa bo`lgan avtobus yo`nalishlarida joriy etilmoqda. Hozirda 51-sonli avtobus yo`nalishi (Yutong rusumli elektrobus) da yo`lga qo`yilgan.
Axborot xizmatining ma`lumotiga qaraganda, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 2 fevraldagi 111-son qaroriga asosan joriy yil yakuniga qadar 20 dona elektrobus, 190 dona katta sig`imli, 200 dona o`rta sig`imli avtobuslar xarid qilish orqali «Toshshahartransxizmat» AJ harakat tarkibini yangilash belgilangan bo`lib, hozirgi kunga qadar 20 dona elektrobus va 30 dona SAZ LE-60 rusumli o`rta sig`imli avtobuslar xarid qilindi va 51,81, 98, 17T, 32-sonli yo`nalishlarga tasarruf etilgan.
«Yil yakuniga qadar yana 360 dona katta va o`rta sig`imli avtobuslar xarid qilinishi va poytaxt ko`chalarida harakatlanuvchi avtobus yo`nalishlarida tasarruf etilishini inobatga olib, oraliq intervali qisqa va belgilangan reja asosida jadvallar soni to`liq bo`lgan avtobus yo`nalishlarida mazkur tartib qoida joriy etib borilishini belgilangan reja asosida jadvallar soni to`liq bo`lgan avtobus yo`nalishlarida mazkur tartib qoida joriy etib borilma`lum qilamiz», deyiladi munosabatda.