Bugun e`lon qilingan "2022-2026 yillarda xalq ta`limini rivojlantirish bo`yicha milliy dasturni tasdiqlash to`g`risida"gi Prezident farmoniga ko`ra:
2022 yil 1 sentyabrdan boshlab Xalq ta`limi vazirligi tizimidagi umumiy o`rta ta`lim muassasalarida:
➖ umumta`lim fanlari bo`yicha tegishli darajadagi sertifikatga ega bo`lgan pedagog kadrlarga har oylik qo`shimcha ustama quyidagi tartibda to`lanadi:
xalqaro tan olingan sertifikatga ega bo`lgan pedagog kadrlarga – ularning tarif stavkasiga nisbatan 50 foiz miqdorida;
xalqaro standartlar talablariga javob beradigan milliy baholash tizimida olingan sertifikatga ega bo`lgan pedagog kadrlarga – ularning tarif stavkasiga nisbatan 50 foiz miqdorida. Bunda, milliy baholash tizimining xalqaro standartlar talablariga javob berishi vakolatli xalqaro tashkilotlar tomonidan tasdiqlangan bo`lishi lozim;
Davlat test markazining milliy baholash tizimida olingan sertifikatga ega bo`lgan pedagog kadrlarga – ularning tarif stavkasiga nisbatan 20 foiz miqdorida (chet tili bo`yicha sertifikatlar bundan mustasno);
➖ Davlat test markazining milliy baholash tizimida chet tili bo`yicha olingan sertifikatga ega bo`lgan pedagog kadrlarga har oylik qo`shimcha ustama:
2025 yil 1 yanvarga qadar – ularning tarif stavkasiga nisbatan 50 foiz miqdorida;
2025 yil 1 yanvardan boshlab – ularning tarif stavkasiga nisbatan 20 foiz miqdorida to`lanadi;
➖ har oylik qo`shimcha ustama sertifikat amal qilish muddati davomida, lekin uch yildan ko`p bo`lmagan vaqt mobaynida to`lanadi;
➖ umumta`lim fanlari bo`yicha bir nechta sertifikatga ega bo`lgan pedagog kadrlarga har oylik qo`shimcha ustama yuqoriroq ustama olish huquqini beruvchi sertifikat bo`yicha to`lanadi.