Joriy yilning 10-12 may kunlari Marokashda Evropa tiklanish va taraqqiyot banki (ETTB) Boshqaruvchilari Kengashining 2022 yilga mo`ljallangan an`naviy yillik yig`ilishi bo`lib o`tdi. Uning doirasida ETTB a`zo-mamlakatlarining ishbilarmon doiralari uchun xalqaro biznes-forum tashkil etildi.
Yig`ilish “Joriy notinch dunyoda tahdidlarga javob choralari” mavzusiga bag`ishlanib, ETTBga a`zo-mamlakatlar vakillariga iqtisodiy o`sishni qo`llab-quvvatlash, iqlim o`zgarishlariga qarshi kurashish, ETTB investisiya kiritayotgan mintaqalarda biznes muhitni yaxshilash kabi global masalalarni muhokama qilish uchun qulay imkoniyat tug`dirdi.
Tadbir davomida ETTBning o`tgan yildagi eng yaxshi hamkor banklarini taqdirlash marosimi ham bo`lib o`tdi. Unda O`zsanoatqurilishbank ikkinchi marotaba “Yashil moliyalashtirish yo`nalishidagi eng yaxshi loyiha” (Deal of the Year – Green Trade) nominasiyasi bo`yicha taqdirlandi.
O`zsanoatqurilishbank Jahon banki, ETTB hamda Evropa investisiya banki bilan qayta tiklanuvchi energiya manbalari bo`yicha energiya samaradorligiga oid dastur hamda loyihalar doirasida ham yaqindan hamkorlik qilib keladi.
Ushbu yo`nalishda ETTB Bankka Markaziy Osiyodagi ilk “Yashil bank”ni ta`sis etish borasida ko`maklashib kelmoqda. 2021 yilda “GEFF – Green Economy Financing Facility” dasturi doirasida 25 million dollar hajmidagi kredit liniyasi ajratildi.
Umuman, O`zsanoatqurilishbank tomonidan yashil iqtisodiyotni qo`llab-quvvatlash, yashil loyihalarni moliyalashtirish borasida amalga oshirilayotgan faol ishlar nafaqat hukumatimiz, balki jahon hamjamiyati tomonidan alohida e`tirof etilmoqda.
O`tgan yilda “Astana” moliya markazining Yashil moliya markazi tomonidan har yili an`naviy tarzda o`tkaziladigan “Green Finance Awards” mukofoti sovrindorlarini aniqlash marosimida Bank “2021 yilning eng yaxshi yashil investisiyaviy banki” nominasiyasi bo`yicha rag`batlantirilgani bunga misol bo`la oladi.
Bank Axborot xizmati