Qudratxo`ja raisligidagi tashkilot salkam 3 mlrd. qarz bilan hashamatli mehmonxonada tadbir o`tkazdi

07.05.2022 23:08

Milliy media assotsiatsiyasi (sobiq OʻzEOAVMA) rahbari Sherzodxon Qudratxoʻja unga Firdavs Abduholiqovdan salkam 3 milliard soʻm qarz qolganini bildirdi.

“Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasining oʻz aʼzolaridan, yaʼni sizlardan qarzi bor. Bu qarzning miqdori 2 mlrd 700 million soʻm”, degan yangi rais.
Sherzodxon Qudratxoʻja yirik qarzlar haqida Poytaxt markazidagi “Hilton” mehmonxonasida qarzda qolayotgan tashkilot tomonidan oʻtkazilgan tadbirda maʼlum qilgan. Tadbir davomida jurnalist va blogerlarning kattagina guruhiga hashamatli dasturxon bezatilgan.

Avvalgi rahbariyatni keraksiz mablagʻlarni sarflashda ayblagan Sherzodxon Qudratxoʻja tashkilot rebrendingini Toshkentning eng qimmat hisoblangan mehmonxonasida nishonlashdan boshlagan.

Biz tadbir tashkilotchilaridan bu tadbir uchun qancha mablagʻ sarflangani haqida soʻradik. Lekin javob ochiq qoldi.

Maʼlumotlarga koʻra, “Hilton” mehmonxonasida 100 kishilik joyning bir kunlik ijarasi 20 million soʻm atrofida. Dasturxon yozish kishi boshiga 80 AQSH dollarga tushadi.
Yirik xarajatlar bilan assotsiatsiya faoliyatini boshlagan yangi rais avvalgi qarzlar oʻz egalariga yetkazilishiga vaʼda bergan.

Shu jumladan, tadbirda Sherzodxon Qudratxoʻja yangi tarkib yaʼni oʻzining qator oʻrinbosarlarini ham maʼlum qilgan. Unga koʻra, Boshqaruvi raisining oʻrinbosari Abrorjon Poʻlatov Bosh direktor, Abdulaziz Abutalipov Bosh direktor birinchi oʻrinbosari, Ulugʻbek Ahmedov Bosh direktorning umumiy masalalar boʻyicha oʻrinbosari, Nigora Xoʻjayeva Bosh direktorning ijodiy masalalar boʻyicha oʻrinbosari lavozimlariga tasdiqlangan.

Keyinroq assotsiatsiya tomonidan OAVlardagi bu xabarga munosabat berilgan va unda «bugungi kunga qadar OʻzEOAVMA bilan shartnoma tuzgan tashkilotlardan 3,5 mlrddan oshiq qarzdorlik mavjudligi aytilgan. Shuningdek, assotsiatsiyaning aʼzolari oldida esa 2,7 mlrd soʻm qarzdorlik vujudga kelganiga aniqlik kiritilgan.

“Tashkilotning bu ichki masalalarini hal etilishi hozirda davom etmoqda. Sobiq OʻzEOAVMA raisi F.Abduxoliqov bu jarayonlarda faol ishtirok etib, har tomonlama hamkorlik qilmoqda va muammoni ijobiy hal qilish choralari koʻrilmoqda”, deyiladi munosabatda.

Eslatib oʻtamiz, Milliy Media Assotsiatsiyasi respublikadagi nodavlat teleradiokanallar, kabel televideniyesi studiyalarini qamrab olgan eng yirik nodavlat-notijorat tashkiloti hisoblanadi. Bugungi kunda u 18 ta nodavlat telekanal, 19 ta radiokanal, Oʻzbekiston kabel televideniyesiga aʼzo boʻlgan 100 ta elektron OAV (shundan 52 tasi xorijiy kanallar)ni oʻz ichiga olgan.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
19
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар