Rost24.uzning bu galgi so`rovnomasi Zangiota tumani, «Nayman» mahallasida o`tkazildi.
«Nayman» mahallasiga kelib qoldikmi?» Bu savolni murojaatchiga yo`l davomida ko`p bora berib bordik. Shu asnoda yo`lda ketarkanmiz, biz kutgan javob axiri bo`ldi: «Mahallaga shu erdan kiriladi». Nihoyat mahalla nomi yozilgan kichikkina ishoraga ko`zimiz tushdi. U gaz quvurini tutib turuvchi temir ustunchaga osilgan edi.
Mahalla kishilaridan odatdagidek mas`ullardan kimlarni tanishlarini so`radik. Ular tuman hokimi yoki deputati u yoqda tursin, hatto mahalla raisi kimligini ham bilmasliklarni aytishdi. Bunga sabab qilib esa, biror marta hokim yoki deputat, hattoki mahalla raisiyu inspektori kelib ularni tinglamaganini ta`kidlashdi.
Biz mahalla idorasini borib ko`rdik. Idoraning ahvoli nihoyatda achinarli holatga kelib qolgan ekan. Aholining aytishicha, bu mahalla idorasi ham emas, balki bekat vazifasini o`taydi. Undan vaqtincha foydalanib turishgan ekan. Fuqarolar esa bu «vaqtincha» deyilganiga ham ancha yillar bo`lganini aytib, jilmayishadi.
Mahalla kishilari muammolar haqida gapirarkan, mahalladagi maktabga sport zal kerakligini aytishdi:
«Necha yildan beri shu 7-maktabning sport zali yo`q. Nevaram har qishda usti-boshi loy bo`lib keladi. Maktabimizga bitta sport zal qilib berishsa yaxshi bo`lardi»,— deydi mahalla onaxonlaridan biri.
Shuningdek, 74-avtobus mahallaga ikki bekat qolganda ortiga qaytib ketishini, imkoni bo`lsa, ikki bekat cho`zib berishlarini so`rashadi mahalla ahli.
Ular, bog`cha qurish haqidagi va`dalardan to`yganini ta`kidlashdi:
«30 yildan buyon bog`cha quramiz, deyishadi. Lekin, qurishmaydi. Bog`cha quriladi, degan erlarni allakimlarga berib yuborishyapti. Kimga berishyapti, nimaga berishyapti, bilmaymiz», — deydi nuroniylardan biri.
«Nechi marta deputatlarimiz bu erga keldi. Bari «xo`p-xo`p» deydi, qaytib xabar olmaydi. Kelgani ham, qachon? Saylov boshlanganda, boshqa payti daragini ham ko`rsatmaydi. Saylanguncha bari va`da berib ketadi. Saylangandan keyin hammasi yo`q bo`lib ketadi», — deydi onaxonlardan biri.
«Nayman» mahallasidan chiqarilishi shart bo`lgan xulosalarni sizlarga qoldiramiz.
Batafsil videoda ko`ring:
Biz bilan quyidagi manzillar orqali bog`laning:
t.me/U_Qurbonov
t.me/Mahallada_murojaat
t.me/Mahallangizda_muammo_bormi
Siz haqingizdagi ma`lumotlar to`liq sir saqlanadi