JIZZAX: Sel, o`lim va uysiz qolgan aholi. Ular ommadan yashirilmoqdami?

22.04.2022 20:02

Suv tagida qolgan qishloqdan reportaj

«40 minut ichida sel butun qishlog`imizni olib ketdi. Nevaram suvda oqib kelib, daraxtga osilib qoldi. Do`lni muzidan shamollab o`tiribdi endi. Qo`rquvdan hali o`ziga kelgani yo`q. Ko`chalarda mashinalar oqdi...Yana bir kelinchak ham daraxtga chiqib olgandi. Qo`shnimiz Boymat aka yaxshi  o`qituvchi edi... Rahmatli, nevarasini qutqaraman, deb o`zi suvda oqib ketib, halok bo`ldi», deydi Jizzax viloyati, Forish tumani Egizbuloq qishlog`i fuqarosi.  

20 aprel kuni Forish tumani, Egizbuloq qishlog`ida sel kelishi oqibatida 100 dan ortiq xonadon zarar ko`rgani aytilmoqda. Rasmiy ma`lumotlarga ko`ra 5 kishi halok bo`lgan.

Rost24 jamoasi sel oqibatlarini yoritish uchun 21 aprel kuni voqea joyiga etib bordi.

 Egizbuloq qishlog`i o`rnida bugun faqat vayronalar va bir kungina oldin mavjud bo`lgan osuda hayot haqidagi xotiralardan boshqa hech narsa qolgani yo`q. Vayronalarga qarab qishloq ahli to`kis hayot kechirmaganini sezish mumkin. Ammo, bugun ularni o`sha oddiy hayotini ta`minlab turgan buyumlari ham yo`q. Aholi qolgan qutgan anjomlarni ko`chirish bilan ovora. Qishloqdagi loyli uylar buzilgan, paxsa devorlar ortidan g`aribgina turmushni eslatuvchi  anjomlar loyga botib yotibdi.  Odamlar ana shu sodda turmush sharoitiga erishish uchun ham anchagina mehnat qilgani aniq.

Uysiz qolgan Shavkat aka hovlisiga ekkan kartoshkadan 1 tonna hosil olishni rejalashtirganini aytadi.

“To`satdan sel kelib borimizni supurib ketdi. Oila a`zolarimni yaqinlarimnikiga eltib qo`ydim. O`zim uy ahvolidan xabar olgani keldim. Yaroqli narsamiz qolmagan», deydi Shavkat aka.

Qishloq qabristoni ham selda buzilgani aytilmoqda. Bitta bog`cha va maktab ham zarar ko`rgan. Qishloq aholisi boshqa yaqinlari uyiga ko`chirilgan. Odamlar vayronalar orasidan omon qolgan buyumlarini ajratib olishmoqda. Loyqa yo`llardan yurishning deyarli imkoni yo`q. Paxsa uylarda qolish xavfliligi aytilmoqda. Ammo, qishloq aholisi uylariga qaytib, achinish bilan qadrli buyumlarini saqlab qolishga urinmoqda.

Loyli vayronalararo arqon o`tkazilib, bo`kkan ko`rpachalar ilingan.  Qaysidir xonadonda qozon qaynamoqda. Uy egasining aytishicha 21 aprel kuni tongda hokimiyat vakili aholiga un, yog`, tuxum tarqatgan. Odamlar buzilgan uylari o`rniga hokimiyat yangisini qurib berishiga ishonishmoqda. Hokimiyat tomonidan va`da qilingan uylar haqida gap ketganda odamlarning tashvishli yuzlariga tabassum yuguradi. Demak, ular buzilgan uylarini hokimiyat tomonidan ta`mirlanib berilishiga ishonishmoqda.

Forishning Egizbuloq qishlog`idagi talafotlarga jiddiy qaralmagandek, odamlar hayoti mana shu  loy ostida qolgan uniqqan buyumlar kabi unutilgandek tuyuldi bizga. Negaki butun bir qishloq, oilalar er bilan bitta bo`lgan bo`lsada, bironta rasmiylar vaziyat bo`yicha hisobot berayotgani yo`q. Aholiga etgan zarar va uning sababi javobgarlari ham ochiqlanmadi. Go`yoki hammasi jimgina unutilishga mahkumdek.

Reportajni to`liq variantini quyidagi videoda ko`rishingiz mumkin.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
7
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
25.04.2022 20:22
qani shunday jurnalistlar ko'paysa.....
24.04.2022 16:34
Forish egizbuloq qilshlogi 'axliga zudlik bilan Respublika va butun yurtimizda men o'zbekman va musurmonman degan, imkoni bo'lgan yurtdoshimizning yordami zarur va shart
24.04.2022 02:30
Масъуллар Жиззахга аллакачон бориши кк эди, лекин ....
23.04.2022 19:31
Salom Rost Uz tahririyati va Jurnalistlari, Sizlarni Olloh uz panohida asrasin. Afsuski bizni milliy televediniyamizda har Doimgidek Musaffo Osmon va Jannatmakon YANGI Uzbekistondagi yolg'on maqtovlarga O'ralgan yangiliklarni yoritishdan boshqasi yo'q. Nazarimda sekin asta yana oldigi I.A Karimov davridagidek Tanqidiy maqola va ko'rsatuvlarni ko'rsatish va havola etish taqiqlanayotgandek.
23.04.2022 19:18
Бундан 10 йил олдин ҳам Ғаллаорол туманида февраль ойида шундай воқеа бўлган эди. Ўшанда балогардон бюджет ташкилотлари бўлган эди. Эҳ, қадрингиз яна билиняпти
23.04.2022 04:29
Зудлик билан Табиий офат оқибатларини бартараф қилиш бўйича Республика штаби тузилиб Жиззахликларга ёрдам бериш керак эди! Қашқадарьёга олиб борилган пулларни Жиззахда табиий офатдан зиён кўрганларга берса савоб бўларди! Минг афсус, инсон қадри шиори қоғозларда қолиб кетди.
23.04.2022 02:32
яхши хам сизлар борсизлар. Бизани мактанчок хабаркашларимизни асосий мавзуси президентни кашкадарёдаги сафари хакида. гуёки жиззахда хаммаси тинч. Худди совет телевиденияси каби.