Alisher Navoiy ko`chasining asfalt qoplamasi ta`mirdan oldingi holati ham yomon emas edi. 14 fevral kuni unda yana ta`mirlash ishlari boshlangandi. Chuqurlaru, emirilishlarsiz yo`lni ta`mirlashga sabab bu ko`chadan «kattalar»ning o`tishimi? Byudjetdan qancha pullar sarflanadi bu ishlarga?
Rost24 muxbiri tomonidan berilgan savolga Toshkent shahar transport tizimini kompleks rivojlantirish «Loyiha ofisi» direktori Murodjon Abidov javob berar ekan, Navoiy ko`chasining tez-tez ta`mirlanishini ushbu ko`chada transport oqimi kuchliligi va yo`l transport hodisalari, piyodalarning jarohatlanish holatlari ko`pligi bilan izohladi. Avvallari Navoiy ko`cha to`liq asfalt edi, endi ko`cha o`rtalarida gullar ekiladigan joylar ajratilyapti.
«Fuqarolarimizning hayoti va salomatligi byudjetdan ajratiladigan pullardan ko`ra qimmat turadi»,- deydi Abidov.
Poytaxtga tramvay qaytishi borasida rejalar bor. U qaytadigan bo`lsa yana yo`l qayta ta`mirlanmaydimi?
Abidovning aytishicha, ko`chalarga tramvay qaytishini o`ylab ko`rishimizga uch oy muhlat berilgan, hozircha rejada Navoiy ko`chada yo`nalish bo`lishi nazarda tutilmayapti.
Eslatib o`tamiz, Navoiy ko`chasi bo`ylab har ikki tomondan yo`lning eng chetki o`ng bo`lagi faqat jamoat transporti uchun mo`ljallangan bo`lishi ma`lum qilingandi. Rekonstruksiyada yo`lning gabaritlari kengaytirilmasligi, uning chetida avtomobillar to`xtab turishi uchun joy ham bo`lmasligi fevral oyida aytilgan.