AQShning Toshkentdagi Bosh konsuli Robert Romanovski «Amerika Ovozi» bilan suhbatda tasdiqlashicha, uning idorasi hozirda to`liq ishga qaytgan. Koronavirus pandemiyasi sabab ikki yil mobaynida faoliyati cheklanib qolgan konsullik endilikda O`zbekiston fuqarolariga no-immigrasion va immigrasion vizalar berish bilan band. 2022 yilda grin-karta lotereyasi yutganlarning arizalari ham ko`rib chiqilmoqda.
Suhbatdan ayrim iqtiboslarni keltirib o`tamiz.
Tiqilib qolgan murojaatlar masalasini hal qilish biz uchun birlamchi masala. Biroq o`tgan oylar ichida juda katta sonda odamlarga xizmat ko`rsata oldik. Xodimlarimiz tinim bilmay ishlashyapti.
Ko`pchilik vizalar va grin-karta bilan bog`liq murojaatlar qolib ketganidan norozi. Tiqilib qolgan iltimos va so`rovlar... Qancha ular?
- Bu faqat O`zbekistonda emas, dunyo bo`ylab katta muammoga aylandi. Minglab arizalar haqida gap ketmoqda. Yangi arizalar kirib kelaverdi, biz esa qo`limizdagini vaqtida ko`rib chiqa olmadik. Minglab murojaatlar qolib ketdi. Avgust oyidan beri lekin O`zbekistonda biz bu sonni ikki baravar kamaytirdik. Bu orada xizmatlarimizni ham tiklay boshladik. Ishimiz bir dunyo. Ham qolib ketganini bitirishimiz kerak, ham yangi arizalarni kechiktirmay ko`rib chiqishimiz kerak. Tiqilib qolgan murojaatlar masalasini hal qilish biz uchun birlamchi masala. Biroq o`tgan oylar ichida juda katta sonda odamlarga xizmat ko`rsata oldik. Xodimlarimiz tinim bilmay ishlashyapti.
Turistik, talaba va biznes viza so`rab kelayotganlarning soni bag`oyat yuqori. Onlayn uchrashuv belgilash juda qiyin. Bu katta muammo ekanini tan olamiz. Biz jarayonni osonlashtirishga harakat qilayapmiz. Talab yuqori ekan, bizga ham tinim yo`q. Normal paytda bu qadar emas edi.
Kutib charchaganlar ko`pligini tushunamiz va bu charchoq asosli. Ammo pandemiya sabab shunday vaziyatdamiz. Imkon qadar jarayonni osonlashtirish payidamiz. Har hafta yangi vaqtlar ochamiz, intervyu uchun. Ular tezlikda to`ladi. Intervyusiz ham viza olish mumkin. Bunday imkoniyat ham taklif qilamiz. Oldin viza olgan, qoidalarni buzmagan bo`lsa, masalan, turist vizasida borib kelgan shaxs bo`lsangiz, uchrashuvsiz ham uni yangilashga topshirsangiz bo`ladi. Bu yo`l bilan biz odamlar uchun qulaylik yaratayapmiz. Har hafta shu tarzda vizalar berayapmiz. Uchinchidan, favqulodda sabab bilan viza so`rasangiz, uni ham ko`rib chiqamiz, ammo sabab kuchli bo`lishi kerak. Bizga bu borada elektron pochtadan yozing. Iltimosingizni ko`rib chiqamiz.
Universitetingizga qaytishingiz kerak darhol yoki ta`lim uchun tezlikda borishingiz lozim. Davolanish uchun ham borishga majbur bo`lsa kimdir, tezlikda viza olishi mumkin. Albatta, har bir holatni sinchiklab ko`rib chiqamiz. Lekin sayyoh sifatida favqulodda viza ololmaysiz. Masalan, Nyu-Yorkka biletim bor, zudlik bilan uchishim kerak, desangiz, tekshiramiz. Suhbatga kelishingizga to`g`ri keladi. Immigrasion viza uchun topshirganlarning ishidan ancha qutulib olsak, no-immigrasion vizalar uchun ham ko`proq vaqt ajrata olamiz. Odamlar uzoq kutishga majbur bo`lmaydi. Unday normal paytlar yaqin, deb umid qilamiz.
Jarayon engillashishi uchun yana qancha vaqt kerak?
Yozga borib, haqiqatan ham normal hajm bilan ishlashga o`tsak kerak. Ya`ni, qolib ketgan murojaatlar hal qilinadi va biz hozir tushayotgan arizalar bilan shug`ullanamiz. Aytganimdek, xodimlarimiz juda qattiq mehnat qilishyapti. Talab o`ta yuqori.
Immigrasion vizalar uchun murojaatlarni ko`rib chiqish uzoqroq vaqt oladi, ko`proq resurs talab qiladi. Turistik viza berishdan farqi katta. Yozga borib, jarayon ancha osonlashadi. Ayrim kategoriyadagi vizalar uchun navbat uzun emas endi, chunki ancha ishladik. Boshqalari bilan mashg`ulmiz endi. Bugun ko`rganingizdek, sayohat yoki o`qishga bormoqchiman deb viza so`rab kelayotganlar talay. Yozda ishlab kelay deb yurganlar ham ancha.
O`zbekiston fuqarolari bilan har kuni eng ko`p yuzlashadigan muammo nima? Jarayon tez va silliq kechishi uchun ular qanday tayyorlanib kelsin?
Uchrashuv belgilashga qiynalishyapti, chunki navbat uzun. Maslahatim, ancha oldindan harakat qiling. Afsuski, shunda ham ish siz xohlagandek tezroq kechmasligi mumkin. Talab ko`p, vaqt oz. Viza turiga qarab, jarayon qiyinroq yo osonroq... Asosan turistik va biznes vizasiga murojaat qilishadi.
Intervyuga kelayotganda odamlar rost gapirishga tayyorlanib kelishi kerak. Suhbatda bizni safar maqsadiga ishontira olmasangiz, viza ololmaysiz. Siz menga yoqadigan gapni izlab, yo`q narsani aytmay, ayni maqsadni tushuntiring. Amerikaga nimaga bormoqchisiz, nima sizni u erga etaklayapti? Yashirmang yoki, menga nima ma`qul bo`lishi mumkinligini tasavvur qilmang. Viza bermasligi mumkin degan xavotir odamlarni yolg`onga undaydi. Masalan, bir universitetni tanlab, u erga o`qishga otlanib, viza so`rayapsiz. O`sha erda yaqiningiz bor. Buni yashirmang. Bu biz uchun muhim faktor.
AQShda yuzlab universitetlar bor. Sizga qarindoshingiz o`sha erda borligi sabab birortasi ma`qul kelgan bo`lsa, biz buni tushunamiz. Amakingiz yoki akangiz ham u erda ekanini bilganimiz yaxshi. Biz buni tushunamiz. Aksincha, yashirsangiz, bu qarorga salbiy ta`sir qiladi. Maslahatlar talay, lekin eng muhimi - rostgo`ylik.
Turist yoki biznes vizasida ayrim istisnolar bor. Odatda viza olgach, o`sha kuni oqshom uchib ketish mumkin. Talabalar o`qish boshlanishidan bir oy oldin borishi mumkin. Undan erta bora olmaysiz. Sayohat va mehnat uchun viza olsangiz, muayyan qoidalari bor. Yozilgan bo`lishi kerak. Saytimizda ham bor bu informasiya. Bizga yozsangiz ham bo`ladi.
Rad etilishning asosiy sabablari nimada?
Viza kategoriyasiga bog`liq. Immigrasion vizalar aksariyat hollarda beriladi, chunki arizalar allaqachon AQSh Fuqarolik va immigrasiya xizmati tekshiruvidan o`tgan. Bizga keladi ular. Umuman olganda, ular qabul qilinadi.
Talaba yoki ish vizasi so`rayotgan bo`lsangiz, turli jihatlari ko`p. Eng ko`p kuzatiladigan sabab, turist yoki biznes vizasi uchun rad etilganida, masalan, siz konsulni AQShdan qaytishingizga ishontira olmagansiz. No-immigrasion viza so`rayotgan odam vatanga albatta qaytishini asoslab berishi kerak. Ya`ni, siz immigrantga aylanishga bel bog`lamagansiz. Biz shundan shubhalanamiz. Intervyuga kelganingizda, siz bilan gaplashayotgan xodim siz Amerikaga vaqtincha ketayotganingizga ishonch hosil qilishi kerak. Biznes, yaqinlaringizni ko`rish yoki aylanish - siz qaytishingiz shart. Agar savol-javobda shu aniqlashmasa, har holda viza sizga rad etiladi.
Moliyaviy status bu erda qanchalik muhim? Hatto biznes uchun borishga uringan o`zbek boylar bor, viza olisholmagan.
Har bir holat o`ziga xos. Bir-biridan farq qiladi. Viza olayotganlar orasida badavlatlari ko`p. Har xil odamlar kelishadi huzurimizga. Har bir arizani izchil ko`rib chiqamiz. Konsullikda ishlash shunisi bilan qiziq. O`zbeklarni AQShga turli sabablar etaklaydi. Sport musobaqalari, almashinuvlar, oila, biznes... Ajoyib sabablar. Ikki dunyoni bog`lab turgan omillar.
O`qish uchun, agar qisqa muddatli kurslarga bormoqchi bo`lsangiz, ko`pincha rad etilasiz. Til kurslari yoki seminarlarga . Lekin agar bakalavr, magistr yoki doktoranturaga kirsangiz, viza olish ehtimolingiz yuqori, shundaymi?
Talaba vizasi uchun birinchidan, siz aynan o`qish uchun ketayotganingizni isbotlashingiz kerak. Jiddiy talabasiz, yagona maqsad - bilim olish. Siz universitetda o`qiysiz va ta`lim dasturi asosida ish tutasiz. Siz o`qishga tayyorsiz, biz bunga ishonch hosil qilishimiz kerak. Yana bir talab, siz bu vaqtda o`zingizni moliyaviy jihatdan eplay olasiz. O`qish uchun mablag` bor. Statistikani hozir ko`rsata olmayman, lekin to`rt yillik o`qishga kirgan bo`lsangiz, ishingiz osonroq kechadi, deb o`ylayman.
Ingliz tilini o`rganaman deb qisqa kurslarga bormoqchi bo`lsangiz, nega aynan u erga deb so`raymiz. Chunki bu kursni boshqa joylarda ham olish mumkin. Yo`l uzoq va bu dasturlar arzon emas. Ya`ni qisqa kurslarga borish bakalavr yoki magistrlik uchun borishdan qiyinroq.
Grin-karta lotereyasini yutish grin-karta olishni kafolatlamaydi
Bu saytimizda, Davlat departamenti sahifasida ham aytilgan. Grin-karta lotereyasini yutish siz suhbatga chaqirilasiz yoki grin-karta olasiz, degani emas. Kafolat yo`q bularga.
Yutish bu sizga immigrasion viza uchun anketa to`ldirish imkoniyatini beradi. Hammasi joyida bo`lib, jarayon boshlansa, intervyuga taklif qilinasiz.
Biroq buning ortida qator omillar bor. Biz hozir aynan mana shu masalalar ustida ishlayapmiz. Har oy grin-karta lotoreyasi yutganlar bilan suhbatlar qilamiz. Har kuni qilolmaymiz, chunki boshqa murojaatlar, boshqa vizalar bo`yicha arizalar bor. Kimdir turist sifatida, kimdir oilasi uchun bormoqchi. Lekin, aytganimdek, bu yil grin-karta uchun ikki karra ko`proq murojaatlarni ko`rib chiqayapmiz.