SSSRni titratgan tarixiy nutq – Odil Yoqubov

20.10.2021 06:35

20 oktyabr – Odil Yoqubov tavallud topgan kun

O`zbekiston yozuvchilar uyushmasi Pravleniyasi Raisi, SSSR yozuvchilar uyushmasi Pravleniyasining kotibi, SSSR yozuvchilar uyushmasidan saylangan SSSR Xalq deputati ODIL YoQUBOV nutqi:

Aziz o`rtoqlar! Vaqt tig`iz, shu sababli nutqimning eng mo``tabar, olamshumul muammolarga doir qismini tushirib qoldirib, asosiy maqsadga o`taman. Biz asrlardek cho`zilgan 70 yil davomida ko`p qadriyatlarimizdan ayrildik. Ularning orasida bir qadriyat borki, uning o`rnini qoplash juda mushkul. U tirikchilikning og`irligi, ochin to`qin yashayotganimiz, inson qadr-qimmatini erga uruvchi uzundan-uzoq navbat kutishlar tufayli yuz berdi. Bizda odamning eng oliyjanob fazilati – rahm-shafqat va muruvvat qolmadi. Uning o`rnini toshbag`irlik, o`zganing dardiga loqaydlik egallamoqda.

Juma kuni foyeda tuppa-tuzuk, ko`hlikkina ikki juvonning suhbati qulog`imga chalindi. «O`zbeklar namuncha o`z paxtalari to`g`risida javrab qolishdi?» – der edi biri. «Jonga tekkan, ularning ruhiy olami bo`lganmi o`zi?» – der edi ikkinchisi. Bu gaplar menga alam qildi. Ilgarigi mard, mag`rur dehqonlarimiz, ularning qora qosh, qora ko`z xotinlari shu qadar fojiaviy ahvolga tushib qolgan bo`lsalar, bunda kim aybdor axir, deb o`ylayman. Ularning ma`naviy olamlari qanday qilib yuksalsin, axir!

«Barcha zamonlar va barcha xalqlarning otasi» Stalinning mamlakat paxta mustaqilligini ta`minlash borasida o`rtaga tashlagan mash`um shiori dehqonlarimizni hamma narsadan mahrum qildi-ku! Ularning butun eri, necha yuz ming gektar ajoyib mevazor bog`lari, hamisha yashil bedazorlar va bodomzorlar – bularning hammasi shafqatsizlik bilan kesib tashlanib, shudgor qilindiku! Bu erda muhtaram Chingiz Aytmatov aytganidek, paxta chindan ham nomi ulug`, suprasi quruq narsaga aylandi. Mamlakat, nihoyat, paxta mustaqilligiga erishdi. Ko`z ko`rib quloq eshitmagan boylikka ham ega bo`ldi. Xo`sh, dehqonimizga, uning xotini va bolalariga nima tegdi? Saraton jaziramasida har kuni 12 soatlab ishlash, ishlaganda ham dam olish kunlarisiz, bayramlarsiz, ta`tillarsiz ishlashga to`g`ri keldi.

Matbuotda respublika ahli boshiga do`ldek yog`ilgan son-sanoqsiz oldi-qochdi materiallar oqimiga qarab, sizlar respublikamizdagi g`azna o`g`rilaridan har biri qancha pulni o`marib ketganligini siz tiyin-tiyinigacha hisoblab chiqqan bo`lsangiz kerak. G`azna o`g`rilarini jazolash kerak. Bu borada boshqacha gap bo`lishi mumkin emas. Ammo, O`zbekistondan narida yashayotgan odam qo`lini ko`ksiga qo`yib, vijdoniga iymon keltirib, paxtakorimiz ana shu nomi ulug`, suprasi quruq paxta vajidan qanday ahvolga tushib qolganligini aytib bera oladimi? Davlat plan qo`mitasining fikricha, xuddi ana shu paxta strategik xom ashyo hisoblanib, davlatga juda katta daromad keltiradi hamda mamlakatimizga kelayotgan chet el valyutasida salmoqli o`rin tutadi va ana shu valyutasiz, o`sha davlat qo`mitasining e`tirof etishicha, davlatning qo`li kalta bo`lib qolardi. Xo`sh, ana endi, dehqon va uning beshafqat mehnatdan tinka-madori qurigan baxtiqaro xotini qanday sharoitda yashamoqda. Shu odamlar qancha ish haqqi olishmoqda?

Oftob radiasiya purkab turgan jaziramada xotin-qizlarimiz ayolbop ishni qilishayotgani yo`q. Xuddi ana shu oftob, zaharli dorivorlardan huda-behuda foydalanish oqibatida rak, sariq, me`da kasalligi va ayollar kamqonligi, boshqa kasalliklar juda ko`paydi va bu ayollar bilan bolalarning o`limiga sabab bo`lmoqda.

Xo`sh, ularning turmushi qay holatda? Ularning turmushi shundayki, paxtakor ayollar qosh qorayganidan keyin daladan uylariga qaytib, o`sha almisoqdan qolgan iflos tezakni o`choqqa qalab, bolalariga obi-yovg`on pishiradilar. Ana shu misdek qorayib ketgan, nimasi bilandir kuyib ketgan qayinlarni eslatuvchi ayollarni ko`rganimda ko`zimda yosh qalqiydi, ularda ayollik nazokati-yu nafosatidan asar ham qolmagan, na qaddi-qomatu va na sumbat bor. Ko`zlarida g`am-kulfat, hasrat-nadomat alomatlari sezilib turibdi.

Men mamlakatimizdagi barcha dehqonlarga, ayniqsa, rus dehqonlariga qiyin ekanligini bilaman va hukumatimiz ana shu ahvolni o`nglab olish uchun katta tadbirlar ko`rayotganidan xursandman. Ammo, har qalay, paxta, o`rtoqlar, bu boshqa olamdir. Keling Amerika janubidagi oqtanli bag`ritosh fermerlarni eslaylik. Ular paxta dalalarida ishlashni xohlamay, o`z xotinlari va bolalarini ana shu inson bolasi chidab bo`lmaydigan mehnatdan holi etib, Afrikadan necha yuz minglab negrlarni kishanband etib olib kelgan edilar. Ammo, adolat yuzasidan shuni ham eslashimiz kerakki, o`sha paxta dalalarida ishlashni xohlamagan va o`z bolalarini bu og`ir mehnatdan xalos etgan o`sha qahri qattiq fermerlar qullardan sog`lom, ishga yaroqli nasl olish maqsadida ularni obdon to`ydirishgan. Shunday qilib, bo`yi ikki metrli qora tanli polvonlar tug`ildiki, ularning avlodlari hozir Amerika sportining va Amerika san`atining gultojidir.

Xo`sh, bizning qishloqdagi bolalarimizchi? Sport haqida, ma`naviy ravnaq haqida gapirib o`tirishga ham hojat yo`q. Och-nahor yashashayotgani (jon boshiga 20 kilogramm go`sht to`g`ri keladi), og`ir mehnat qilishayotgani natijasida ularni armiyaga ham olishmayapti. Agar olishsa ham faqat qurilish batalonlarida xizmat qilishyapti. Dehqonlarimiz boshiga tushgan kulfat haqida muxtasar gapirganimdan keyin men, muhtaram Nikolay Ivanovich, sizga murojaat qilmoqchiman: davlat reja qo`mitasidagilarning mamlakatga paxta kerak, u strategik xom ashyodir va valyuta tushumlarida salmoqli o`rin tutyapti, degan gaplari to`g`rimi? Agar to`g`ri bo`lsa, nega endi bizdan paxta jahonda eng arzon narxda sotib olinmoqda.

Inqilobga qadar ham, Nikolay Ivanovich, «Turkestanskie vedomosti» gazetasining yozishicha, rus savdogari (ha o`lkamizga ana shu «nomi ulug` suprasi quruq» ekinni olib kelgan o`sha rus savdogari) bir pud paxtaga 18 pud bug`doy berar edi. Bizning jonajon davlatimiz esa bir kilogramm paxtaga o`rtacha 50 tiyin to`lamoqda. Toshkentdagi Oloy bozorida yarim kilogramm bodring 50 tiyin turadi (shuni eslatib o`tmoqchimanki, o`rtoqlar, bir kilogramm paxtadan olingan gazlamadan kamida 50 so`m turadigan ikkita erkaklar ko`ylagi tikilyapti).

Tarixiy solnomalarda qayd etilishicha, O`rta Osiyoning tabiiy iqlim sharoiti jahonda betimsoldir. Bu erda Er yuzida eng shirin mevalar va sabzavotlar etishtiriladi, qovun va tarvuzlarning mevasi va muattar hidi bebahodir.

Tabiiyki, boyliklardan o`ylamay-netmay, ilmga zid tarzda qahri qattiqlik bilan foydalanish oqibatida davlatimizning 70 yili mobaynida o`lkamiz ekologik halokat jari yoqasiga kelib qoldi.

O`rtoqlar, kecha siz fikrimni, to`g`rirog`i akademik Aganbegyan aytgan fikrni oxirigacha eshitmadingiz. Endi shu gapni qaytarmoqchiman. Akademik Aganbegyan Orol muammosiga bag`ishlanib, o`tgan yili KPSS Markaziy Komitetida bo`lgan kengashda O`zbekiston tabiati, er-suvi va nihoyat xalqi duchor bo`lgan bedorlikning haqiqiy sabablarini hech kim bilmaydi, degan edi. Mamlakat davlat reja qo`mitasi ham, Davlat agrosanoat qo`mitasi ham, deb uqtirdi u, respublika oldiga hali u, hali bu vazifani qo`yishar ekan, bamisoli tuman ichida paypaslab yurishibdi. Shuning uchun, deb uqtirdi akademik, katta iqtisodchi olimlar, ekologlar, shifokorlar, qishloq xo`jalik mutaxassislaridan iborat nufuzli favqulodda iqtisodiy komissiya tuzish zarur, mazkur komissiya ahvolni puxta o`rganib, O`zbekistonda nimalar bo`layotgani haqida hukumatga to`la va aniq-ravshan xulosalar taqdim etish kerak.

Aminmanki, O`zbekiston uzoq kelajakda emas, balki yaqin yillarda mamlakat ahlining yarmini boqishi mumkin. Buning uchun esa respublikani paxta yakka hokimligi zug`umidan qutqarishi, mehnatsevar xalqqa esa turg`unlik yillari asoratidan qutulishga va ko`kragini kerib yashashga yordam berish kerak.

Ajratilgan vaqt o`tdi. Nutqimni tugatyapman. Favqulodda komissiya tuzish to`g`risidagi taklifimni qabul qilishingizni so`rayman. Rahmat.

(nutqning davomi) Hurmatli o`rtoqlar! S`ezdda so`zga chiqqan deyarli bircha notiqlar milliy nizolar, millatlar o`rtasida to`qnashuvlar haqida qalblari tashvishu alamga to`lib gapirdilar. Bundayin kulfatni keltirib chiqarayotgan sabablar ko`p, biroq bitta sabab, ayniqsa, aksariyat nutqlarda takror-takror aytildiki, bu – iqtisodiy tengsizlik muammosidir. Go`yo shunday hol yuz berganki, har bir jumhuriyat mamlakatning bu umumiy bebaraka qozoniga boshqalarga qaraganda ko`proq masallig` solayotiru, biroq uning «nonini» boshqalar «tuya» qilib ketayotir.

Hurmatli o`rtoq Boris Nikolaevich Elsin bir safar hatto shunday gapni aytishni o`ziga ep ko`rdi: u boshqarayotgan jumhuriyat 70 yillik Sovet hokimiyati davrida mamlakatdagi boshqa barcha jumhuriyatlar xalqlarini faqat edirib-ichirgangina emas, boqib kelgani uchun go`yo o`zi g`arib ahvolga tushib qolgan emish. Tobora avjga minayotgan bu tortishuvlarning sababi menimcha shundaki, bir mahallar «butun dunyo proletarlari dohiysi» g`ayriqonuniy qaror chiqargan ediki, bu qaror har bir xalqning Umumittifoq xazinasiga qo`shayotgan hissasini qat`iy sur`atda sir tutib kelishga imkon yaratdi. M.S.Gorbachev o`zining yakunlovchi nutqida bizning mashhur yurtdoshimiz Xo`ja Nasriddini eslatib o`tdi. Men Xo`ja Nasriddin haqida gapirmoqchiman. Bizda qadimda «xalfana» degan bir odat bo`lgan. Bu udumga ko`ra bir necha yalangoyoq, kambag`al bir joyga to`planib osh damlagan. Biri go`sht sotib olgan, boshqa biri dumba, uchinchisi – guruch, cho`ntagida sariq chaqasi ham bo`lmagan mullamirquruq, gadosi esa bir bosh sarimsoq olib kelgan.

Yalangoyoq darveshlarning bu ziyofatiga Xo`ja Nasriddin rahnamolik qilgan. Ular oldindan oshni hamma baravar eyishi kerak, degan o`zaro bitim tuzishgan. Biroq ba`zan shunday ham bo`lganki, bir bosh sarimsoq olib kelgan gado go`sht sotib olib kelgan hamtovog`idan ko`ra oshni ko`proq tushirishga uringan. Shunday paytlarda Xo`ja Nasriddin yog`och qoshiq bilan odobsizning boshiga sekin urib qo`ygan.

Bugungi kunda Xo`ja Nasriddinning usulini qo`llay olmaysiz, chunki siz qo`shningizning boshiga qoshiq bilan tushirsangiz, u sizning boshingizga cho`mich bilan soladi. Nima qilish kerak? Menimcha, buning bittagina yo`li bor, u ham bo`lsa statistikadagi Stalin joriy etgan g`ayri-qonuniy sir saqlashni bekor qilish kerak. Negaki, bugun har bir xalq umumittifoq xazinasiga qo`shayotgan o`z hissasini aniq bilishni istaydi, ustiga-ustak bu hissaning bahosi Maslyukov va Voronin o`rtoqlar o`zboshimchalik bilan tayin etgan narxlarda emas, balki jahon bozoridagi, deylik ham nonga, ham benzinga, ham ko`mirga va ham paxtaga to`lanayotgan aniq muayyan baholarda belgilanmog`i kerak. Shunday qilinsa, kim boqimanda ekani, kim kimni boqayotgani o`z-o`zidan ravshan bo`ladi-qoladi. Boz ustiga o`zaro ta`nalar, xafagarchiliklar, tosh otishlarga chek qo`yilardi. Eng muhimi – bu narsa mehnat kishisining qadr-qimmatini ham barcha xalqlarning qadriyatini joy-joyiga qo`yardi.

Biz shuni unutmasligimiz kerakki, jahondagi har bir ilg`or xalq o`z hayotini va kelajak uchun belgilangan maqsad-rejalarini tuzganda chuqur ilmiy hisob-kitoblarga asoslanadi. Faqat bizning hisob-kitob (statistika) hamon Stalin davridagi ma`muriy-byurokratik apparatning buyruqlariga bo`ysungan holda fakt va raqamlarni, bu degan so`z, har bir xalqning umumdavlat xazinasiga qo`shayotgan hissasini buzib ko`rsatadi. Oqibatda SSJIga kirayotgan biror-bir jumhuriyat xalqi umumdavlat boyligiga qo`shayotgan o`z hissasini hanuz bilmay kelayotir.

Endi yana bir fikr. Bu fikr ham odamlarni hayajonga solayotgan eng katta tashvish – jinoyatchilikning ortib borayotgani bilan bog`liqdir. Bu – haqiqiy kulfatga aylandi! Odamlar behalovat. Mamlakatda qazib olinayotgan temirning yarmi temir eshiklar yasashga sarf etilmoqda: biroq bundan naf yo`q: mening bir veteran do`stim uyiga o`n pudlik seyf qurdirdi, lekin bundan ham foyda chiqmadi – uning topgan-tutganini seyf-peyfi bilan ko`tarib ketishdi.

Mayli, ketgani xudo yo`liga-yu, biroq arzimagan narsa uchun gunohsiz, himoyasiz odamlarga nisbatan shafqatsizlik qilinyapti. Shu boisdan, mening nazarimda, o`rtoq Kryuchkov chet el ayg`oqchilarini tutib topish harakatida yurgan o`z qo`shinlarining bir qismini jinoyatchilar bilan kurashga safarbar etib, to`g`ri ish qildi. Faqat istar edimki, o`rtoq Kryuchkov bu shpionlarni «xalqlar otasi» davridagidek, har xil ijodiy uyushmalar va ilmiy institutlardan qidirib yurmasin, chunki bunga ehtiyoj ham yo`q: hayot shuni ko`rsatayotirki, biz yaqin orada o`z uyushmalarimizda bir-birimizning go`shtimizni eb bitirsak kerak.

Biroq mening o`ylashimcha, o`rtoq Kryuchkovning bu tashabbusi hali etarli emas. O`ylab ko`rish lozim: balki ba`zi harbiy qismlardan ham foydalanish kerakdir. Bu shunchaki mulohaza uchun o`rtaga tashlangan bir fikr. Chunki jinoyatchilikning avj olish oqibatlari jamiyatni juda yomon ahvolga solishi mumkin. Tez orada biror bir chora ko`rmoq lozim. Xullas, biz shuni unutmasligimiz kerakki, bu muammo xalqni oziq-ovqat muammosidan ko`ra kam bezovta qilayotgani yo`q, xalq ushbu anjumandan muhim qarorlar qabul qilishni mushtoq bo`lib kutayotir.

1989 yil, 16 iyun

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
21
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
20.10.2021 09:02
Xudoga shukur, bari ortda qoldi