Annotatsiya. Mazkur maqolada arab tilini o‘qitish jarayonida so‘zlash ko‘nikmasini shakllantirish masalasi atroflicha yoritilgan. Unda arab tilini faqat grammatik bilimlar majmui sifatida emas, balki amaliy muloqot vositasi sifatida o‘rgatish zarurligi alohida ta’kidlanadi. Xususan, talabalarni dars jarayoniga faol jalb etish, ularni o‘zaro suhbat va munozaralarga undaydigan interfaol metodlardan samarali foydalanishning ahamiyati haqida fikr yuritiladi.
Maqolada qayd etilishicha, o‘quvchilar o‘zaro hamda o‘qituvchi bilan faol muloqot qilgan sharoitda dars jarayoni tabiiy ravishda interaktiv tus oladi va bu esa o‘quvchilarning tilni tez va samarali o‘zlashtirishiga imkon yaratadi. Shuningdek, arab tilini o‘qitishda og‘zaki nutqni rivojlantirish, erkin fikr bildirish, tushunganini ifoda etish kabi ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratilgan innovatsion va interfaol usullarning o‘rni batafsil tahlil qilinadi.
Umuman olganda, maqola arab tilida kommunikativ kompetentsiyani shakllantirish jarayonining nazariy va amaliy jihatlarini ochib beradi hamda interfaol ta’limning samaradorligi, o‘quvchilar nutqini rivojlantirishdagi ahamiyatini ilmiy asosda yoritadi.
Kalit so’zlar: og‘zaki nutq, kommunikativ yondashuv, pedagogik texnologiya, jodiy fikrlash, o‘qituvchining mahorati, amaliy suhbat metodlari
Abstract. This article provides an in-depth discussion on developing speaking skills in the process of teaching the Arabic language. It emphasizes that Arabic should be taught not merely as a set of grammatical rules, but as a practical means of real communication. Special attention is given to the importance of engaging students actively in the learning process through interactive methods that encourage dialogue, collaboration, and participation.
The article highlights that when learners communicate actively with each other and with the teacher, the lesson naturally gains an interactive character, which significantly enhances the effectiveness of language acquisition. It also examines various innovative and interactive teaching techniques aimed at developing students’ oral proficiency, helping them express their ideas freely, and improving their ability to convey meaning clearly in Arabic.
Overall, the article explores both the theoretical and practical aspects of forming communicative competence in Arabic. It demonstrates the effectiveness of interactive education and underscores its key role in improving learners’ speaking abilities and overall communication skills in the target language.
Keywords: oral speech, communicative approach, pedagogical technology, creative thinking, teacher's skill, practical conversation methods.
Yurtimizda arab tilini o‘rganish chuqur tarixiy an’anaga ega bo‘lib, mazkur jarayon tilshunoslik, tarix, diniy ta’limot, falsafa, madaniyatshunoslik va boshqa ko‘plab fanlar bilan uzviy bog‘liq holda shakllangan. So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasi bilan arab mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikning turli sohalarda sezilarli darajada faollashuvi malakali, arab tilini mukammal egallagan kadrlarni tayyorlash masalasini yanada dolzarb qilmoqda. Shu bois arab tilini o‘qitish jarayonini takomillashtirish, zamonaviy didaktik yondashuvlar va metodikalarni joriy etish bugungi kunda ustuvor vazifalardan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Bugungi kunda foydalanilayotgan darsliklar, o‘quv qo‘llanmalar, lug‘atlar va shunga o‘xshash adabiyotlar zamonaviy talablarga to‘liq mos kelmaydi. Ayniqsa, ular talabalarda og‘zaki nutq ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan metodlar nuqtai nazaridan yetarli emas. Shuni ham aytib o‘tish lozimki, amaldagi arab tili darsliklarining asosiy e’tibori, asosan, grammatikani o‘rgatishga qaratilgan. Albatta, grammatik bilim tilni egallashda muhim o‘rin tutadi, biroq universitetlarda shakllangan ushbu yondashuv ko‘proq arab filologlari va ilmiy tadqiqotchilarni tayyorlashga moslashgan edi. Natijada darsliklar mazmunida muayyan bir yo‘nalishga og‘ish kuzatilgan.
Hozirgi sharoitda esa so‘zlashuv arab tilini puxta biladigan amaliy mutaxassislarga talab ortib bormoqda. Arab tilining murakkab fonetik va grammatik tuzilishi sababli og‘zaki nutqni rivojlantirish jarayoni boshqa tillarga nisbatan ko‘proq qiyinchilik tug‘diradi. Shu bois amaliy muloqot ko‘nikmalarini shakllantirishga yo‘naltirilgan darslik va metodikalarga ehtiyoj kundan-kunga ortib bormoqda.
O‘qituvchi so‘zlashish ko‘nikmalarini shakllantirishda boshqaruvchi emas, balki faol vositachi, muloqot vaziyatlarini yaratuvchi va talabalarni nutqqa yo‘naltiruvchi hisoblanadi. U darsni kommunikativ maqsadga yo‘naltirib, realiga yaqin vazifalar tayyorlaydi va ularni bosqichma - bosqich murakkablashtiradi. O‘qituvchi nutq modeli sifatida to‘g‘ri talaffuz, intonatsiya va leksik birliklarni namoyish etadi, shunday qilib talabalar uchun imitativ bazani yaratar ekan. Xatolarni tuzatishda u avval mazmun va muloqot funksiyasini, so‘ng grammatika va leksikani ko‘rib chiqadi - bu kommunikativ yondashuv tamoyiliga mos. Motivator sifatida o‘quvchilarning til o‘rganishga qiziqishini uyg‘otadi va mustaqil nutqiy faoliyatga rag‘batlantiradi. Interaktiv, juft va guruh ishlari orqali hamkorlikni tashkil etib, talabalar aro muloqotni kuchaytiradi. Madaniy-orientirlangan yondashuvni tatbiq etib, tilning kommunikativ nuanslari va kontekstini o‘rgatadi. Baholashda esa faqat grammatik to‘g‘rilik emas, balki muloqot maqsadiga erishish va funksional samarani ham inobatga oladi.
Afsuski, hozirgi kungacha zamonaviy talablarga javob beradigan darsliklar juda kam. Bu holat, albatta, o‘qituvchilar ishini qiyinlashtiradi, biroq vazifani bajara olmaydi degani emas. Muammoni hal etish uchun avvalo o‘quv dasturini qayta ko‘rib chiqish zarur. Ikki yilga mo‘ljallangan bazaviy darsliklardan uch yil, ya’ni 1-3-kurslar davomida asosiy o‘quv qo‘llanma sifatida foydalanish maqsadga muvofiq. Bu esa o‘quv jarayonining boshidan boshlab og‘zaki nutqni rivojlantirish uchun bo‘sh vaqtni samarali ishlatish imkonini beradi.
O‘quv rejasiga shunday o‘zgarishlar kiritilishi, shubhasiz, talabalarning arab tiliga bo‘lgan qiziqishini yanada kuchaytiradi. Ma’lumki, inson avvalo ona tilida muloqot qilishni boshlaydi, keyin esa ushbu tilni maktabda nazariy ravishda o‘rganadi. Albatta, bu jarayonni chet til o‘rganish bilan to‘liq tenglashtirish to‘g‘ri bo‘lmaydi, biroq tilni egallashda ana shu tamoyildan foydalanish ta’lim jarayonida samarali natija beradi. Shunday sharoitda o‘qituvchining talabani o‘ziga jalb qila olishi va dars davomida ularning faol ishtirokini ta’minlashi katta ahamiyat kasb etadi.
Bundan tashqari, turli texnik vositalardan foydalanish, ona tilida so‘zlashuvchilar tomonidan o‘qilgan matnlarni tinglash, yuqori sifatli filmlar hamda arab tilidagi teledasturlarni tomosha qilish kabi usullar ham samarali hisoblanadi. Shuningdek, arab qo‘shiqlarini o‘rganish va ijro etish, teatrlashtirilgan sahnalar, she’rlar, maqollar, matallar, aforizmlar bilan ishlash, rasm va boshqa ko‘rgazmali vositalardan foydalanish ham o‘qitish jarayonida o‘rinli va ba’zan zarurdir.
Biroq bu vositalar va metodlardan ortiqcha foydalanish natijasida shakl mohiyatni bosib ketishi mumkin. Masalan, ko‘rgazmali materiallar yoki taqdimotlar darsning yordamchi vositasi bo‘lish o‘rniga, asosiy maqsadga aylanib qoladi. Afsuski, o‘qituvchilar mehnatini baholashda ham shunday tendensiya tobora kuchayib bormoqda. Natijada o‘qituvchi darsning tashkiliy-rasmiy qismiga haddan tashqari ko‘p vaqt sarflashga majbur bo‘ladi, bu esa o‘qitish sifatining pasayishiga olib keladi.
Shu bilan birga, ta’lim jarayonida eng muhim jihat bu o‘qituvchi va talaba o‘rtasidagi o‘zaro aloqadir. O‘qituvchi o‘quvchilarda arab tilini mukammal o‘zlashtirishga bo‘lgan ishonchni shakllantirishi zarur. U har bir talabaning motivatsiyasini aniqlashga intilishi, agar bu aniqlanmasa, uni aniqlashda yordam ko‘rsatishi kerak. O‘qituvchilarning dars uslublari turlicha bo‘lib, ba’zilari sinfda qat’iy intizom va jimlikni ta’minlashga urg‘u bersa, boshqalar talabalarni mustaqilroq ishlashga rag‘batlantiradi, ayniqsa ular kattaroq yoshdagi va o‘z natijalari bilan qiziqqan talabalar bo‘lganda. Shu nuqtai nazardan qaraganda, samarali o‘qitish uslubi aynan ushbu ikki yondashuv o‘rtasidagi muvozanatda bo‘lishi lozim.
Xulosa qilib aytganda, arab tili o‘qitish metodikasida zamonaviy yondashuvlar o‘quvchini faollikka, ijodkorlikka va mustaqil o‘rganishga chorlaydi. Kommunikativ, vazifaviy, autentik va individual metodlarning uyg‘unligi darsni samarali, qiziqarli va mazmunli qiladi. Arab tilida so‘zlashish mahorati til o‘rganuvchida yetuk shakllanadi. Og‘zaki nutqni rivojlantirish o‘rganilayotgan tilga qiziqish uyg‘otadigan muhim omillardan biri sanaladi. Qiziqish esa, o‘z navbatida, o‘quvchilarning dars jarayonida faol ishtirok etishi uchun asosiy shart bo‘lib xizmat qiladi. Talabaning faolligi ta’lim jarayonining muvaffaqiyatli kechishida hal qiluvchi o‘rin tutadi.