O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Mo`g`uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsuxning taklifiga binoan davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatga bordi.
“Buyant-Uxaa” xalqaro aeroportida O`zbekiston Prezidentini Mo`g`uliston tashqi ishlar vaziri Batmunx Batseseg, Mo`g`ulistonning O`zbekistondagi elchisi Daadanxuugiyn Batbaatar va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.
Davlat tashrifi doirasida Suxbaatara maydonida rasmiy kutib olish marosimi bo`lib o`tdi.
Marosimda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev va rafiqasi Ziroatxon Mirziyoevani Mo`g`iliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux va uning rafiqasi Luvsandorjiyn Bolorseseg tantanali tarzda kutib oldi.
Marosimda faxriy qorovul saf tortdi, ikki mamlakatning davlat madhiyalari yangradi. Prezidentlar faxriy qorovul safi oldidan o`tdilar. Shuningdek, ikki davlat delegasiyalari a`zolari, diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari bilan qisqacha uchrashuv bo`lib o`tdi.
Shundan so`ng, O`zbekiston va Mo`g`iliston prezidentlari Chingizxon haykali poyiga gul qo`yib, Davlat saroyiga yo`l olishdi. Davlat saroyida Shavkat Mirziyoev faxriy mehmonlar kitobiga dastxat qoldirdi.
Ushbu tashrif O`zbekiston Prezidentining Mo`g`ilistonga ilk davlat tashrifi bo`lib, u mamlakatlar o`rtasidagi munosabatlarda yangi davrni boshlab berishi kutilmoqda.
Tashrif doirasida ikki mamlakat o`rtasida foydali qazilmalar, atrof-muhitni muhofaza qilish, fan, ta`lim, sog`liqni saqlash va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirishga doir muhim hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, Ulan-Bator shahrida O`zbekiston – Mo`g`iliston biznes-forumi, “Made in Uzbekistan” ko`rgazmasi, turizm forumi, o`zbek san`ati namoyonlari va milliy oshxona kuni kabi keng ko`lamli tadbirlar tashkil etilishi ko`zda tutilgan.