Senatning ettinchi yalpi majlisida Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning ayrim moddalariga o`zgartirish kiritish haqidagi qonun ma`qullandi.
Qayd etilishicha, O`zbekistonda so`nggi vaqtlarda huquqbuzarlar tomonidan jamoat tartibini saqlash va xavfsizligini ta`minlash borasida xizmat olib borayotgan ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya bo`linmalari xodimlarining qonuniy talablarini bajarmaslik holatlari ortgan.
Xususan, ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik bilan bog`liq 2021 yilda 56 474 ta, 2022 yilda 88 401 ta, 2023 yilda 88 988 ta, 2024 yilda 85 278 ta ma`muriy huquqbuzarlik qayd etilgan.
Shu bois, muhokama qilinayotgan qonun bilan Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksiga:
Ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya xodimining qonuniy talablarini bajarmaganligi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 5 (amalda 1) baravaridan 12 baravarigacha miqdorda;
xuddi shunday huquqbuzarlik ma`muriy jazo chorasi qo`llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan taqdirda bazaviy hisoblash miqdorining 12 baravaridan 30 (amalda 15) baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o`n besh sutkagacha muddatga ma`muriy qamoqqa olishga sabab bo`lishini belgilovchi o`zgartirishlar kiritilmoqda.
Bundan tashqari, ko`mir mahsulotlarini oz miqdorda talon-toroj qilganlik uchun ham javobgarlik belgilanmoqda.
Ta`kidlanishicha, 2022 yilda ko`mir mahsulotlarini talon-toroj qilish holatlari 68 tani tashkil etib, bunda 153,5 tonna ko`mir, 2023 yilda 142 ta holatda 262 tonna, 2024 yilda 154 ta holatda 279 tonna ko`mir talon-toroj qilinishi bilan bog`liq holatlar aniqlangan.
Shu munosabat bilan Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 61-moddasiga alohida to`rtinchi qism sifatida mulkchilik shaklidan qat`iy nazar tashkilotlarning ko`mir yoqilg`isini o`g`irlash, o`zlashtirish, rastrata qilish, mansab lavozimini suiiste`mol qilish yoki firibgarlik yo`li bilan oz miqdorda talon-toroj qilganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.
Ma`lumot uchun, talon-toroj qilingan mulkning qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravaridan oshmasa, bunday talon-toroj oz miqdordagi talon-toroj qilish deb hisoblanadi.
Qonun senatorlar tomonidan ma`qullanib, imzolash uchun prezidentga yuborildi.