Ochiqlangan ma`lumotlarga ko`ra, 2024 yilda 72 ta davlat oliy ta`lim muassasalari (OTM) jami 11,95 trln so`m daromad olgan.
OTM daromadlarining 66,1 foizi yoki 7,9 trln so`m qismini to`lov-kontrakt asosida o`qiyotgan talabalar tomonidan to`langan mablag`lar tashkil etadi. Shuningdek, davlat byudjetiga oliy ta`lim muassasalariga jami 3,58 trln so`m mablag` ajratilgan (bu jami tushumning 30 foiziga teng). Bundan tashqari, daromadlarning 3,9 foizi yoki 469,2 mlrd so`m qismi rivojlantirish ishlari uchun sarflangan.
Eng ko`p daromad olgan OTMlar
Hisobotga ko`ra, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti 2024 yilda eng katta daromadga ega bo`lgan — 927,5 milliard so`m. Bu ko`rsatkich bilan mazkur OTM respublikadagi barcha oliygohlar orasida etakchi hisoblanadi. Uning sof daromadi esa 44,79 milliard so`mni tashkil etgan.
Eng kam daromad ko`rgan OTM esa — “Sankt-Peterburg Davlat universiteti”ning Toshkent shahar filiali, u 2024 yilda bor-yo`g`i 2,4 milliard so`m daromad olgan.
Top-10 davlat OTMlari (jami daromad bo`yicha):
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti — 927,5 mlrd so`m
Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti — 574,6 mlrd so`m
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti — 475,9 mlrd so`m
O`zbekiston davlat jahon tillari universiteti — 473,9 mlrd so`m
Jizzax davlat pedagogika universiteti — 423,9 mlrd so`m
Chirchiq davlat pedagogika universiteti — 398 mlrd so`m
Farg`ona davlat universiteti — 389,5 mlrd so`m
Urganch davlat universiteti — 363,9 mlrd so`m
Buxoro davlat universiteti — 329,2 mlrd so`m
Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti — 327,9 mlrd so`m
Eng ko`p sof daromad olgan davlat OTMlari:
2024 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga qo`shib yuborilgan Toshkent moliya instituti esa sof daromad bo`yicha eng yuqori natijani qayd etgan — 165,96 milliard so`m.
Hozirda faoliyat yuritayotgan OTMlar ichida esa Jizzax davlat pedagogika universiteti eng ko`p sof daromad olgan muassasa sifatida qayd etilgan — 76,17 milliard so`m. To`liq ro`yxat:
Toshkent moliya instituti (hozirda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti tarkibida) — 166,0 mlrd so`m
Jizzax davlat pedagogika universiteti — 76,2 mlrd so`m
Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti — 54,3 mlrd so`m
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti — 44,8 mlrd so`m
Shahrisabz davlat pedagogika instituti — 40,8 mlrd so`m
“Toshkent irrigasiya va qishloq xo`jaligini mexanizasiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti — 38,3 mlrd so`m
Termiz davlat pedagogika instituti — 31,6 mlrd so`m
Chirchiq davlat pedagogika universiteti — 27,1 mlrd so`m
Andijon davlat pedagogika instituti — 22,9 mlrd so`m
Andijon davlat universiteti — 19,2 mlrd so`m
Xarajatlar
2024 yil davomida OTMlar jami 11,4 trln so`m miqdorida xarajat qilgan. Umumiy daromad va xarajat o`rtasidagi farq +504,26 mlrd so`mni tashkil etgan.
Biroq, 2024 yilni 12 ta OTM zarar bilan yakunlagan. Ularning ayrimlari daromadi yuqori bo`lgan universitetlar qatorida ham bor. Masalan, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti, Farg`ona davlat universiteti va Urganch davlat universiteti zarar ko`rgan OTMlar sirasiga kiradi.
Daromadga nisbatan ko`proq xarajat qilgan OTMlar:
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti — -36,99 mlrd so`m
Samarqand davlat universiteti — -37,98 mlrd so`m
Samarqand iqtisodiyot va servis instituti — -37,92 mlrd so`m
Navoiy davlat pedagogika instituti — -32,9 mlrd so`m
Termiz davlat universiteti — -24,34 mlrd so`m
Urganch davlat universiteti — -23,58 mlrd so`m
Namangan davlat universiteti — -18,99 mlrd so`m
Qarshi davlat universiteti — -16,79 mlrd so`m
Buxoro muhandislik-texnologiya instituti — -13,6 mlrd so`m
Samarqand davlat chet tillar instituti — -3,56 mlrd so`m
Farg`ona davlat universiteti — -12,55 mlrd so`m
Urganch davlat pedagogika instituti — -379,16 mln so`m
Shuningdek, ba`zi OTMlar yil yakunida daromad va xarajat bo`yicha deyarli “nol” balans bilan chiqdi, ya`ni foyda ham, zarar ham deyarli bo`lmagan.