Qashqadaryoda “jihodchilar” oqimining 8 nafar a`zosi qo`lga olindi

23.05.2025 11:07

Davlat xavfsizlik xizmatining Qashqadaryo viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Ichki ishlar organlari xodimlarini jalb qilgan holda o`tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida “jihodchilar” diniy ekstremistik oqimining yashirin jamoati fosh etildi. 

Xususan, Qarshi tumanida yashovchi, 1977 yilda tug`ilgan, muqaddam Jinoyat kodeksining 155, 159, 244-1, 244-2 va boshqa moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgani uchun bir necha bor sudlangan, o`ta xavfli residivist Qarshi shahri hamda Qarshi tumanida istiqomat qiluvchi, 1964—1986 yillar oralig`ida tug`ilgan 7 nafar fuqaroni jalb qilgan holda noqonuniy diniy jamoat tuzgan.

Tergov davrida aniqlanishicha, guruh a`zolari o`z yashash xonadonlarida yig`ilishlar o`tkazib, “xalifalik davlati” barpo etish masalalarini muhokama qilgan.

Shuningdek, ular ijtimoiy tarmoqlar orqali xalqaro terroristik tashkilotlar g`oyaviy da`vatchilarining jihod, hijrat, xalifalik to`g`risidagi audio-video materiallarni o`zaro bir-birlariga tarqatib, o`z saflarini kengaytirish maqsadida boshqa fuqarolar ongiga ham ekstremistik g`oyalarni singdirishga harakat qilgan.

Guruh etakchisi va a`zolarining 4 nafari muqaddam sodir etgan jinoyatlari uchun umrining ma`lum bir qismini panjara ortida o`tkazgan bo`lsa-da, o`z xatolaridan to`g`ri xulosa chiqarmagan.

Jinoyat ishlari bo`yicha Qarshi tuman sudi tomonidan mazkur shaxslar tegishliligi bo`yicha Jinoyat kodeksining 159 (O`zbekiston konstitusiyaviy tuzumiga tajovuz qilish), 244-1 (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) va 244-2-moddalari  (diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) bilan aybli deb topilib, ularga 6 yildan 10 yil 6 oygacha bo`lgan muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар