O`zbekistonliklar daromadlarini nimalarga sarflamoqda?

22.05.2025 17:51

Markaziy bank I chorak uchun aholining iste`mol kayfiyati sharhini taqdim qildi.

2025 yilning mart oyida iste`mol kayfiyatini o`rganish bo`yicha o`tkazilgan so`rovlarda jami 2 900 nafarga yaqin aholi qatnashgan bo`lib, respondentlar, asosan, kelgusidagi shaxsiy moliyaviy holatlariga nisbatan ijobiy munosabat bildirgan.

So`rovnomada qatnashganlarning katta qismi rasmiy oylik maoshini asosiy daromad manbai sifatida ko`rsatgan. Tomorqadan foyda ko`radiganlar va boshqa sohada daromad qiladiganlar keyingi o`rinlardan joy olgan.

Tahlil natijalariga ko`ra, 2024 yil IV chorakda quyi va o`rta daromadli toifadagi respondentlar (3 mln so`mgacha, 3-5 mln so`m va 5-7 mln so`m) kelgusi chorakda xarajatlarining oshishini kutishmoqda. Shu bilan birga, yuqori daromadlilar, ya`ni 10-15 mln so`m va 15-20 mln so`mdan ortiq daromadga ega respondentlar xarajatlarini amalga oshirishda ehtiyotkorlikni saqlab qolmoqda.

Barcha daromad guruhlari kutilmalarida xarajatlar, asosan, uy-joy, ta`lim, avtomobil va to`y marosimlari bilan bog`liq.

Jumladan, 18-30 yoshlilar asosan ta`lim, uy-joy ta`miri, davolanish va boshqa xarajatlarni rejalashtirayotgan bo`lsa, o`rta yosh vakillari (31–40 yosh) ko`proq davolanish hamda uy-joyni ta`mirlashga mablag` sarflamoqchi ekanini bildirgan.

Shuningdek, 41–50 yoshlilar ham o`xshash yo`nalishlarda: davolanish, uy-joyni ta`mirlash va boshqa ehtiyojlar uchun xarajat qilishni rejalashtirmoqda. Ushbu guruhda to`y va avtomobil xaridi yo`nalishidagi xarajatlar ham yuqori ko`rsatkichda saqlanib qolmoqda.

Katta yoshdagilar(50 yoshdan yuqori)da davolanish mutlaq ustuvor yo`nalishga aylangan bo`lib, qolgan barcha xarajat maqsadlari kamroq ulushga ega.

Kelgusi chorakda ham aholi uy-joy ta`mirlash, ta`lim va sog`liqni saqlash kabi muhim sohalarga sarflarini davom ettirishni rejalashtirgan. Bunda avtomobil xaridi va to`y marosimlari kabi yirik xarajatlar ham inobatga olingan.

So`rov natijalari shuni ko`rsatmoqdaki, ushbu tovar va xizmatlarga bo`lgan talabning yaqin istiqbolda ham yuqori darajada saqlanib qolishini kutish mumkin.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
2
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар