O`zgidromet agentligi xabariga ko`ra, respublikada 2018−2024 yillarda sel-suv toshqin hodisalari ro`y berishi ko`paygan, agentlik so`nggi 5 yilda 617 ta shunday hodisani qayd etgan.
Respublikaning 12 foiz hududi sel va suv toshqin hodisalari ro`y berishiga moyil. Asosan bunday hodisalar aholiga xavf solishi tog`oldi va past tog` hududlarining o`zlashtirib borilishi va iqlim o`zgarishi hisobiga yuz beradi.
Sel-suv toshqinlarining ko`payishi hodisasi bo`yicha asosan 2018−2024 yillarni misol qilib olish mumkin. Bu vaqt oralig`ida respublikamizda sel-suv toshqinlarining ko`payganini ko`rishimiz mumkin, so`nggi 5 yilda 617 ta shunday hodisa O`zgidromet agentligi tomonidan qayd etilgan. Jumladan, 2020 yilda 119 ta, 2021 yilda 134 ta, 2022 yilda 170 ta, 2023 yilda 47 ta va 2024 yilda 155 ta sel-suv toshqini hodisasi ro`yxatga olingan. Bu yil biroz qurg`oqchilik kuzatilgani ortidan shu vaqtgacha 14 ta, xususan, Surxondaryoda 8 ta, Jizzax, Qashqadaryo va Samarqandda 1 tadan, Namanganda 3 ta sel va suv toshqinlari yuzaga kelgan.
Bunday tabiiy ofatlar asosan aholiga xavf soladigan hududlarda, daryo va soylarda ko`p bo`lganligi sababli bu kabi ob`ektlar agentlik tomonidan doimiy nazoratga olingan. Hodisa xavfini kamaytirish maqsadida O`zgidromet va hukumat komissiyasi a`zolari tezkor shtab joriy etgan.
FVV boshqarma boshlig`i G`ayrat Jo`raevning ta`kidlashicha, hozirgi kunda butun dunyoda ro`y berayotgan iqlim o`zgarishi bilan bog`liq holat sababli O`zbekistonda kuzatilayotgan sel toshqinlarining davriyligi ham o`zgarib bormoqda. Jumladan, FVV 2024 yilda 158 ta sel-suv toshqinlari hodisasini qayd etgan, ularning ayrimlari iyun, iyul oylarida ham sodir bo`lgan.
FVV vakili sel-suv toshqin hodisalari hali davom etayotganidan ogohlantirib, fuqarolardan asoslangan ogohlantirish xabarlariga e`tiborli bo`lishlarini so`radi. Shuningdek, tog` va tog`oldi hududda bo`lganlardan xavfsizlik qoidalariga rioya qilish tavsiya qilindi.