Jahon banki elektr ta`minotini yaxshilash uchun O`zbekistonga 100 mln dollar ajratdi

18.05.2025 10:19

Jahon banki Ijrochi direktorlar kengashi O`zbekistonga qayta tiklanuvchi energiya manbalarini taqsimlash elektr tarmoqlariga integrasiya qilish va mamlakatning ustuvor hududlarida elektr ta`minoti ishonchliligini oshirishga qaratilgan dasturni amalga oshirish uchun 100 mln dollar miqdorida imtiyozli kredit ajratishni ma`qulladi.

Dasturni amalga oshirish uchun “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ o`z mablag`lari hisobidan qo`shimcha 50 mln dollar ajratadi.

2024 yil holatiga ko`ra, O`zbekistonda elektr energiyasini taqsimlashda texnik yo`qotishlar taxminan 13 foizni tashkil etadi. Asosiy sabab – eskirgan va yuklamasi oshib ketgan infratuzilma. Taqsimlash tarmoqlari ob`ektlarining 50 foizdan ortig`i 30 yildan ortiq ekspluatasiya qilinmoqda, bu ularning normativ xizmat muddatidan ancha ko`proq bo`lib, avariyalar va elektr ta`minotidagi uzilishlarga olib keladi.

O`zbekiston 2030 yilgacha qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan elektroenergiya ishlab chiqarish hajmini 25 gigavattga (GVt) etkazishni rejalashtirmoqda. Biroq, taqsimlash tarmoqlarini zudlik bilan modernizasiya qilmasdan, qayta tiklanadigan energiyaning yangi etkazib beruvchilarini ushbu tarmoqlarga ulash imkoni bo`lmay qoladi.

Jahon banki va “HET” AJ tomonidan birgalikda moliyalashtiriladigan yangi dastur doirasida 150 mln dollarni o`zlashtirish rejalashtirilgan. Dastur doirasidagi asosiy chora-tadbirlarga quyidagilar kiradi:

6 000 km uzunlikdagi past kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlarini qurish va modernizasiya qilish;
umumiy quvvati 250 megavolt-amper (MVA) bo`lgan 1 200 ta taqsimlash transformatorini almashtirish va o`rnatish;
“HET” AJ tarmoqlarida elektr energiyasining tijorat yo`qotishlarini kamaytirishga yordam beradigan 150 mingta “aqlli” hisoblagichlarni ulash;
taqsimlash tarmoqlari faoliyatini avtomatlashtirish va raqamlashtirishni ta`minlash uchun 4 mingta ma`lumotlar konsentratorini o`rnatish, bu ularni zamonaviy va samarali tizimga aylantiradi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар