Yo`l chiziqlarini bosganlik uchun radar orqali jarima qo`llanilmaydi

16.05.2025 21:17

"Transport vositalaridan foydalanishda aholiga qo`shimcha qulayliklar yaratish chora-tadbirlari to`g`risida"gi hukumat qarori qabul qilindi.

Unga ko`ra 2025 yil 1 iyundan boshlab:

— yo`l chizig`ini bosgan holatlar foto va video qayd etish qurilmalari orqali avtomatik jarimaga olib kelmaydi. Faqat “stop-liniya” (5.33 belgi) bundan mustasno bo`ladi;

—shaharlarda avtomobil yo`llarini ta`mirlash va yo`l chiziqlarini yangilash ishlari faqat soat 21:00 dan 07:00 gacha — tungi vaqtda amalga oshiriladi. Faqat dam olish kunlari yoki kechiktirib bo`lmaydigan alohida holatlar bu talabdan mustasno hisoblanadi.

Shuningdek, soat 23:00 dan soat 6:00 ga qadar avtobuslar harakati uchun ajratilgan, ya`ni "A" harfli tasmalarda boshqa transport vositalari harakatlanishi mumkin bo`ladi va bu qoidabuzarlik hisoblanmaydi.

2025 yil 1 sentyabrdan boshlab harakat tezligini nazorat qiluvchi stasionar yoki mobil radar o`rnatilgan hududlarda radar yo`l belgisini qo`yish majburiy etib belgilandi.

Ushbu belgi radar o`rnatilgan nuqtagacha kamida 250 metrdan kam va 500 metrdan ko`p bo`lmagan masofada joylashtirilishi shart.

IIV tomonidan 2025 yil yakuniga qadar chorraha va yo`llardagi barcha maxsus texnika vositalari to`liq xatlovdan o`tkaziladi:

- xatlov natijalari bo`yicha o`zboshimchalik bilan yoki belgilangan tartibga rioya etmagan holda o`rnatilgan, texnik va standart talablariga javob bermaydigan texnika vositalari demontaj qilinadi;

- haydovchilar tomonidan tezlikni oshirish holatlari ko`plab kuzatilayotgan hududlarda avtomashinalarning ayni vaqtdagi tezligini ko`rsatib ogohlantiruvchi elektron tablolar o`rnatiladi;

- tadbirkorlarning maxsus texnika vositalaridan foydalanishda shaxsga doir ma`lumotlar xavfsizligini ta`minlash, suiiste`molchiliklarning oldini olish choralari ko`riladi.

Temir yo`l kesishmalarida haydovchilar harakatsiz turgan vagonlar yoki faoliyatsiz temir yo`llarga qaramay, "Stop" belgisi talabiga ko`ra to`xtashga majbur bo`layotgani sababli temir yo`l kesishmalaridagi "Stop" belgilari svetoforlarga almashtiriladi.

Yo`l harakati qoidalarini buzish bilan bog`liq ayrim engil turdagi huquqbuzarliklarni birinchi marta sodir etgan shaxslarga Davlat yo`l harakati xavfsizligi inspektori tomonidan ma`muriy ogohlantirish beriladi.

Shuningdek, zarurat bo`lmagan joylarda o`rnatilgan yo`l belgilari demontaj qilinadi, ularning amal qilish vaqtini ko`rsatuvchi qo`shimcha axborot belgilari o`rnatiladi.

Qaror bilan shu belgilarda ko`rsatilgan amal qilish vaqtidan tashqari paytda transport vositalarining tegishlicha to`xtashi hamda to`xtab turishiga ruxsat berildi.

Jumladan, "To`xtab turish taqiqlangan" belgisining tagida amal qilish vaqti soat "7.00 - 21.00" deb ko`rsatilgan bo`lsa, transport vositalari ushbu belgi hududida soat 21.00 dan 7.00 ga qadar bemalol to`xtab turishlari mumkin bo`ladi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар