O`zbekiston hayot sifati reytingida 196 mamlakat orasida 108-o`rinni egalladi

14.05.2025 19:21

O`zbekiston CEOWORLD jurnali tomonidan e`lon qilingan Human Progress Index (HPI) yillik hayot sifati reytingida 196 mamlakat orasida 108-o`rinni egalladi.

2025 yil uchun Inson taraqqiyoti indeksi (ITI) reytingi hayot sifati, kutilayotgan umr ko`rish davomiyligi, ta`lim darajasi, aholi jon boshiga daromad, siyosiy barqarorlik, rivojlanish imkoniyatlari kabi keng ko`lamli omillarni hisobga oladi.

Tahlil uchta asosiy barqarorlik, qoniqish va muvozanatlilik toifalari bo`yicha o`tkazilgan. Ularning har biri 100 ballik shkala asosida baholangan.

O`zbekiston reytingda 108-o`rinni egallab, 100 balldan 70,94 ball to`plagan va “hayot sifati yuqori” mamlakatlar toifasiga kirgan. Yurtimiz Markaziy Osiyo mintaqasi bo`yicha reytingda Qozog`iston va Turkmanistondan keyingi uchinchi mamlakatga aylangan.

Reytingda Turkiya, Chernogoriya, Rossiya, Gruziya, Belarusiya kabi davlatlar “hayot sifati juda yuqori” darajasidan joy olgan. Keyingi o`rinlarda Xitoy (77-o`rin), Armaniston (78), Ozarbayjon (92), Turkmaniston (96), Ukraina (102), O`zbekiston (108), Qirg`iziston (119) esa “hayot sifati yuqori” mamlakatlar qatorida qayd etilgan. Qo`shni Tojikiston esa 63.4 ball bilan 128-o`rinni egallagan.

Reytingni aniqlash uchun CEOWORLD jurnali tadqiqotchilari 196 ta mamlakatni uchta asosiy toifa bo`yicha tahlil qilishdi va taqqoslashgan:

1) barqarorlik;
2) qoniqish;
3) muvozanat.

Ushbu o`lchovlarni baholash uchun uchta toifadan biriga kiruvchi 23 ta ko`rsatkich ko`rib chiqilgan. Har bir atribut 100 ballik shkala bo`yicha baholangan. Masalan, barqarorlikka iqtisodiy o`sish, soliq stavkalari, o`rtacha umr ko`rish davomiyligi, daromad hamda xarajatlar, uy-joy sharoitlari va boshqalar kiradi. Qoniqishga esa xavfsizlik, baxt darajasi, korrupsiyani idrok etish, bolalar va onalar o`limi, transport, ta`lim hamda sog`liqni saqlash kiradi. Muvozanatga inson huquqlari, jinslar tengligi, ekologiyaga g`amxo`rlik va boshqalar kiradi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар