Tashkillashtirilgan tarzda chet elga ishga yuborilgan va borgan davlatining qonunchilik hujjatlarini buzishi oqibatida deportasiya qilingan fuqarolarni qaytarish va ularni qaytarish bilan bog`lik xarajatlarni undirish tartibi joriy etiladi. Bu haqda bugun, 13 may kuni qabul qilingan “Mehnat migrasiyasi jarayonlarini takomillashtirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi hukumat qarorida so`z boradi (https://t.me/uzmigration/474).
Qarorga ko`ra, chet elda mehnat faoliyatini amalga oshirish davrida xorijiy davlatning qonunchilik hujjatlarini buzishi oqibatida deportasiya qilingan fuqarolarga quyidagi ta`sir choralari qo`llanadi:
deportasiya qilingan fuqaro Migrasiya jamg`armasi hisobidan qaytarilganda, qaytarish xarajatlarini fuqarodan undirib olish;
Migrasiya jamg`armasi hisobidan taqdim etilgan subsidiya va kompensasiya summalarini qaytarib undirish;
1 yilgacha muddat davomida rivojlangan davlatlarga tashkillashtirilgan tarzda ishga yuborish bo`yicha xizmatlar ko`rsatmaslik.
Deportasiya qilingan fuqarolar quyidagilar asosida qaytariladi:
ularning O`zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalariga murojaati;
ular va yaqin qarindoshlarining Migrasiya agentligining xorijdagi vakolatxonalari, hududiy filiallariga murojaati;
xorijiy davlatlar vakolatli organlari tomonidan taqdim etilgan deportasiya qilingan fuqarolar bo`yicha ma`lumotlar.
Deportasiya qilingan fuqarolar ularning transport xarajatlarini moliyalashtirish orqali qaytariladi.
Fuqaroning moliyaviy yordam ko`rsatish to`g`risidagi arizasi ijobiy ko`rib chiqilganidan so`ng 1 ish kunida Migrasiya agentligi va fuqaro o`rtasida qarz shartnomasi tuziladi. Shartnomaga muvofiq, moliyaviy yordam olgan shaxs ushbu mablag`larning o`rnini 30 kun muddatda qoplashi lozim.
Shuningdek, O`zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq readmissiya qilingan fuqarolarga 2 ikki yil davomida xorijga chiqish biometrik pasportini berish bo`yicha davlat xizmati ko`rsatilmaydi.
Bunda readmissiya qilingan fuqarolarga chet elga chiqishi uchun biometrik pasporti rasmiylashtirib beriladigan istisno holatlar Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilanadi.