Oliy Majlis Senatining Fan, ta`lim va sog`liqni saqlash masalalari qo`mitasi raisi Bahrom Abdullaev tomonidan Oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vaziri Qo`ng`irotboy Sharipovga bir vaqtda ikkita OTMda o`qish imkoniyati yuzasidan senator so`rovi yuborildi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.
Bildirilishicha, fuqarolarning bir vaqtning o`zida ikki oliy ta`lim muassasasida, masalan, davlat va nodavlat OTMda kunduzgi va masofaviy yoki kechki va sirtqi shakllarda tahsil olish imkoniyatlari cheklangani borasida murojaatlar ko`paymoqda. Ushbu masalalarga aniqlik kiritish va qonunchilikdagi mavjud to`siqlarga izoh berish maqsadida senator so`rovi yuborildi.
So`rovda ta`kidlanishicha, O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi va qonunlariga muvofiq fuqarolarga ta`lim olish uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan. “Yoshlarga oid davlat siyosati to`g`risida”gi qonunning 5-moddasida esa yoshlar uchun ochiq va sifatli ta`limni ta`minlash, ularning intellektual rivojlanishiga sharoit yaratish asosiy yo`nalishlardan biri sifatida belgilangan.
Biroq amaldagi tartibga ko`ra, jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi 393-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomga asosan abiturient faqat bitta OTMga asl hujjatini topshirishi mumkin. Shuningdek, HEMIS axborot tizimida bir marta ro`yxatdan o`tgan talaba boshqa OTMda qayta ro`yxatdan o`ta olmaydi. Bu holat esa yoshlarning o`z ixtiyori va ehtiyojiga ko`ra bir vaqtning o`zida bir nechta ta`lim yo`nalishida bilim olishiga to`sqinlik qilmoqda.
Senator so`rovida shu kabi cheklovlar xorijiy davlatlarda, xususan, AQSh, Evropa mamlakatlari, Rossiya, Qozog`iston kabi davlatlarda mavjud emasligi, aksincha, talabalar bir vaqtning o`zida bir nechta oliy ta`lim muassasasida tahsil olib, ikki va undan ortiq diplomga ega bo`lish imkoniyatiga ega ekani ta`kidlangan.
Shu munosabat bilan senator Oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vaziridan fuqarolarga bir vaqtning o`zida davlat va nodavlat oliy ta`lim muassasalarining ikkitasida tahsil olish imkoniyati yuzasidan rasmiy tushuntirish berishni so`ragan.