“Qo`yliq” bozori yopiladimi? Mas`ullar izoh berdi

05.05.2025 18:55

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi “Qo`yliq” bozori to`liq buzilishi boshlangani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan shahar hokimligi rasmiy munosabat bildirdi. 

Ma`lum qilinishicha, bozorning faoliyati  ilgari muqobil savdo joylarini tayyorlash zarurati tufayli to`xtatilgan. Hozirda bozorning bir qismi qayta tiklangan.

“Ayni damda bozor yanada tartibli holga keltirilgan – tadbirkorlar uchun joylar yaratildi va hududdagi ishlar faol davom etmoqda. Barcha ishlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda, shu bilan birga, savdo faoliyati to`xtatilmagan”, deyiladi hokimlik xabarida.

Bildirilishicha, bozor yopilmayapti, balki uning faoliyati optimallashtirilmoqda – tartib o`rnatish, sanitariya sharoitlarini yaxshilash, infratuzilmani yangilash va umumiy xavfsizlik darajasini oshirishga alohida e`tibor qaratilmoqda.

“Bundan tashqari, kelgusida joriy etiladigan raqamlashtirilgan tizim soliq to`lovlarining shaffofligini ta`minlash imkoniyatini yaratadi. Bu esa, o`z navbatida, yashirin iqtisodiyotning bozordagi ta`sirini kamaytirishga yordam beradi”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, o`zgarishlar boshlanishidan oldin bozor hududida ko`plab muammolar to`planib qolgan. Ular orasida – jinoyatchilik xavfi, eskirgan kommunikasiyalar sababli yuzaga kelgan mayda yong`inlar, sanitariya me`yorlarining buzilishi, shuningdek, qulaylik va odamlar salomatligiga xavf soluvchi tartibsiz savdo holatlari mavjud bo`lgan.

Hokimlikka ko`ra, ushbu holatlar e`tiborsiz qoldirilishi mumkin emas. Shu sababli, tizimli qaror qabul qilinib, bozor xalqaro va zamonaviy shahar standartlariga mos holga keltirilmoqda.

“Ishonamizki, barcha ishlar yakunlangach, bu hudud tadbirkorlar hamda tashrif buyuruvchilar uchun yanada qulay, xavfsiz va shinam makonga aylanadi”, deyiladi xabarda.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
2
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар