Elektromobillarni O`zbekistonga olib kirishda ekologik sertifikat talab etilishi qanchalik mantiqqa mos?

05.05.2025 12:42

Ijtimoiy tarmoqlarda O`zbekistonga olib kirilayotgan Evro-5 yoki Evro-6 ekologik standartlariga javob beradigan elektrodvigatellar bilan jihozlangan gibrid avtomobillarni bojxonada rasmiylashtirish jarayonida Evro-4 ekologik toifasidan kam bo`lmaganini tasdiqlovchi ekologik sertifikat talab etilayotgani xabar qilindi.

Yangi tartib yuzasidan Senatning Agrar, suv xo`jaligi masalalari va ekologiya qo`mitasi raisi Anvar Tuychiev O`zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vaziri Aziz Abduhakimovga senator so`rovi yubordi.

So`rovda qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 30 yanvardagi 50-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomda ekologik sertifikatlash tartibi belgilab berilgan. Unga ko`ra, akkreditasiyadan o`tgan sinov laboratoriyasi mavjud bo`lganda, ekologik xavfsizlik mezonlariga muvofiqlik tekshirilishi kerak. Agar laboratoriya mavjud bo`lmasa, transport vositasi identifikasiya yo`li bilan baholanishi mumkin.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining «Yo`l harakati qoidalarini tasdiqlash to`g`risida»gi 2022 yil 12 apreldagi 172-sonli qarorida «gibrid avtomobil» tushunchasi aniq belgilab berilgan. Ularni umumiy «M» (odam tashish uchun mo`ljallangan transport vositalari) va «N» (yuk tashishga mo`ljallangan transport vositalari) toifalariga tenglashtirish masalasi ham bahsli hisoblanmoqda.

Shundan kelib chiqib, Senatning Agrar, suv xo`jaligi masalalari va ekologiya qo`mitasi raisi Anvar Tuychiev O`zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vaziri Aziz Abduhakimovga:

respublikada faoliyat olib borayotgan ekologik sertifikatlash organining tashkiliy-huquqiy asoslari, faoliyatini tartibga solish tartib-taomillari;
avtomobillarni ekologik standartdan o`tkazuvchi akkreditasiyadan o`tgan sinov laboratoriyalari, ularning moddiy-texnik bazasi, avtomobillarni sinovdan o`tkazish qamrovi va imkoniyatlari;
elektrodvigatellar bilan jihozlangan gibrid avtomobillarni rasmiylashtirish jarayonida ekologik sertifikat olish to`g`risidagi talabning me`yoriy-huquqiy asoslari;
arizani ko`rib chiqish, ekologik sertifikatlash jarayonini amalga oshirish va ekologik sertifikat berish yoki uni berishni rad etish yuzasidan ishlar qiymati bo`yicha belgilangan to`lov miqdori masalalariga aniqlik kiritish bo`yicha tushuntirish berish so`rab senator so`rovi yubordi.

«Mazkur senator so`rovi orqali mavjud tartibning ta`minlanishi, joriy etilgan amaliy mexanizmlarda shaffoflikka erishish hamda tadbirkorlar va fuqarolarning ortiqcha qiyinchiliklarga va ovoragarchilikka duch kelmasligi maqsadi nazarda tutilgan», — deyiladi Senat xabarida.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар