Milliy tibbiyot markazida muddati o`tgan dorilar bemorlarga tarqatilgani tan olindi

02.05.2025 21:00

Milliy tibbiyot markazida shifokorlar tomonidan muddati o`tgan dorilar bemorlarga tarqatilgani haqida berilgan murojaatdan so`ng, holat rasman tasdiqlandi. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligining rasmiy javob xatida ma`lum qilindi.

Shikoyat joriy yil mart oyida markazning bir guruh shifokorlari va bemorlari tomonidan Bosh prokuratura, Milliy xavfsizlik xizmati va Sog`liqni saqlash vazirligiga yo`llangan. Murojaat nusxasi Rost24 tahririyatiga ham etkazilgan.

Murojaatda bir qator qonunbuzarliklar, jumladan, markazda muddati o`tgan dori vositalari bemorlarga tarqatilayotgani haqida ma`lumotlar berilgan.

Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan o`tkazilgan xizmat tekshiruvi natijasida, “Asterazenka” tomonidan ishlab chiqarilgan va yaroqlilik muddati 2024 yil 1 iyungacha bo`lgan 200 quti "Forsiga" dori vositasi 2024 yil 30 may kuni “bepul muruvvat” sifatida qabul qilingani, 2024 yil 31 may kuni esa bemorlarga tarqatilgani tasdiqlangan.

Hujjatlarga ko`ra, bu dori vositasi har biri 28 tabletkadan iborat 200 dona qutisida bo`lgan. Vazirlik tomonidan bildirilishicha, ushbu dori tekin tarqatilgani bois bu holatga shikoyatchilar tomonidan bildirilgan e`tirozlar asossiz deb topilgan. Ammo murojaat bilan chiqqan shifokorlar bu dorilarni iste`mol qilgan bemorlar salomatligi uchun xavotirda ekanini ma`lum qilishgan.

Shuningdek, tekshiruv davomida markazda 2024 yilda 131 nafar, 2025 yilning birinchi choragida esa 42 nafar bemor vafot etgani qayd etilgan. 42 bemordan 20 nafari jarrohlik amaliyotidan so`ng vafot etgan. Sog`liqni saqlash vazirligi javobida ta`kidlanishicha, ushbu amaliyotlarda markaz direktori ishtirok etmagan.

Muddat utgan dorilar masalasi joriy yil 17 aprel kuni Qonunchilik palatasida ham ko`tarildi. “Adolat” SDP vakili Zuhriddin Mavlonovning savoliga javoban, Sog`liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyorov ayrim dorilarning poliklinikalarga pora evaziga etkazib berilayotgani va bu korrupsion sxema ekanini tasdiqladi. 

“Firmalar o`zlari sota olmagan dorilarni ma`lum miqdorda pora evaziga etkazishga urinmoqda. Bu dorilar ko`p hollarda bemorlarga etmaydi, faqat qog`ozda "spisanie" qilinadi. Bu – yaxshi ma`lum korrupsion sxema. Va biz bunga qarshi qattiq kurashmoqdamiz”, — dedi vazir.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
4
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар