Shavkat Mirziyoev raisligida Xorazm viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalariga bag`ishlangan yig`ilish bo`lib o`tdi.
Unga ko`ra, Xorazm va Qoraqalpog`iston hududidagi 8 ta qadimiy qal`alarni o`zaro bog`lovchi to`rt kunlik “Qal`a tur” marshruti ishlab chiqiladi.
“Arda Xiva” majmuasida bir necha restoranlardan iborat 2 ta zamonaviy “fud-kort” tashkil qilinadi.
Mevaston mahallasida 6 gektar erda Hunarmandchilik markazi tashkil etilib, har yili hunarmand shogirdlarni tayyorlashga 1 milliard so`m ajratib boriladi.
Yil yakunigacha 2,5 ming o`rinli 40 ta mehmonxonani ishga tushirib, shundan kamida 2 tasi brend mehmonxona bo`lishi shartligi qayd etildi.
Mutasaddilarga Frankfurt, Urumchi, Pekin, Abu-Dabidan to`g`ridan-to`g`ri reys qo`yish taklifini kiritish, turistik mavsumda Istanbuldan kunlik qatnovni yo`lga qo`yish topshirildi.
Shuningdek, Urganch aeroporti Koreyaning Inchxon aeroportiga xususiy sheriklikka berilib, milliy me`morchilik an`analariga mos holda rekonstruksiya qilinadi.
Qoraqalpog`istondan Xorazmga keladigan yo`l sifati yomonligi sabab “Urganch – Gurlan – Mang`it” yo`lini rekonstruksiya qilinadi.
Xususiylashtirish dasturiga asosan 2025 yilda Xorazmda 41 ta davlat binosi, 350 gektar er uchastkasi savdoga qo`yiladi.
Xiva shahrida faqat turistlarga xizmat ko`rsatadigan ob`ektlar bo`lishi kerakligi ko`rsatib o`tildi. Shu sabab Urganch, Xivadagi barcha ma`muriy binolarni savdoga chiqariladi.
Tuproqqal`adagi “Damas” zavodida Evro-5 ekologik standartiga javob beradigan, 7 o`rindiqli arzon avtomobil ishlab chiqarish boshlanadi.
Qo`shko`pirda suv yo`qligi uchun ishlatilmayotgan 165 gektar maydonda tadbirkorlarga kollektor suvidan foydalanib, baliq etishtirishga beriladi.
Tadbirkorlar bilan birgalikda bu yil 80 ta, keyingi yil yana 20 ta zamonaviy avtobus va 50 ta mikroavtobus olib kelinishi, Qo`shko`pir, Xonqa, Yangibozor, Xiva shahrida 4 ta yangi avtostansiya qurilishi, yil yakunigacha 10 ta yangi zamonaviy trolleybus xarid qilinishi belgilandi.
Berilgan topshiriqlarni amalga oshirish uchun trillionlab mablag` ajratilishi ma`lum qilindi.
Jumladan:
Qurilish va infratuzilma sohalaridagi vazifalar ijrosi uchun 1,1 trillion so`m;
Xorazmning barcha tumanlaridagi oqova tizimiga 85 million dollar;
Joriy yilda 70 ta og`ir mahallaga tadbirkorlik infratuzilmasi uchun byudjetdan 233 milliard so`m;
Bunga qo`shimcha yana 10 ta mahallani tanlab olib, 15 milliard so`m;
Investorga 4,5 ming gektar qumli erni foydalanishga kiritib, raps o`simligini ekish va undan bioetanol ishlab chiqarishi uchun 170 million dollar;
Tuproqqal`adagi “Damas” zavodiga 100 million dollar ajratiladi.
Shuningdek, hunarmandchilik markazi tashkil etilib, har yili hunarmand shogirdlarni tayyorlashga 1 milliard so`m ajratib boriladi.
Paxta va g`alla maydonlari uchun ham lazerli tekislash uchun gektariga 1 million so`mdan subsidiya beriladi.
Bog`ot, Gurlan Xonqa, Yangibozor, Hazorasp va Urganch tumanida 49 ta mahalla infratuzilmasini yaxshilashga xalqaro moliya tashkilotlaridan 61 million dollar jalb qilinadi.
Fermerlarga jami 15 million evrolik yomg`irlatib sug`orish texnikalari tayyor o`rnatilib beriladi.