Tarmoqlarda 2024 yil 23 oktyabrda “Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portaliga joylashtirilgan, maktablarni to`liq 5 kunlik o`qitish va ishlash tizimiga o`tishi so`ralgan petisiya muhokamasi ketmoqda.
“Umumiy o`rta ta`lim maktablarida barcha o`quvchilarni 5 kunlik ta`lim olish dasturiga o`tkazish. Pedagog xodimlarga ham 5 kunlik ish tizimiga o`tkazilsa, maqsadga muvofiq bo`lar edi. Ustozlar ham bemalol haftasiga 2 kun dam olsa, ish unumi va sifati oshadi deb o`ylayman”, – deyiladi uning petisiyasi izohida.
Hozircha ushbu petisiyaga jami 3584 ta ovoz berilgan, shundan 3562 tasi yoqlab, qolgan 22 tasi esa qarshi.
Eslatib o`tamiz, “Mening fikrim” portaliga joylangan har bir petisiyaga etarlicha ovoz berilsa, uni parlament ko`rib chiqishi mumkin. Oliy Majlis palatalari petisiyani ko`rib chiqishga qabul qilishi uchun murojaat kamida 10 ming ovoz, Qoraqalpog`iston Jo`qorg`i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari ko`rib chiqishi uchun kamida 5000 ovoz, tuman (shahar) kengashlari ko`rib chiqishi uchun kamida 1000 ovoz to`plash kerak bo`ladi.
Umumiy ovoz berish petisiya e`lon qilingan kundan e`tiboran 90 kun ichida o`tkaziladi. Murojaat zarur miqdorda ovoz to`plagan taqdirda ovoz berish muddatidan oldin to`xtatilishi ham mumkin.
Petisiyani ko`rib chiqish yakunlariga ko`ra vakolatli organ tomonidan qaror qabul qilinib, “Mening fikrim” saytiga joylashtiriladi. Murojaatlarni ko`rib chiqish va qaror qabul qilish muddati 60 kundan oshmasligi kerak.