Joriy yil 28 mart kuni Myanmada 7.7 magnitudali zilzila sodir bo`ldi. Bugun, 30 mart holatiga ko`ra halok bo`lganlar soni 1600 dan oshgan. Bu haqda "Myanmar Now" nashri xabar berdi.
Xabarga ko`ra, jami 1644 kishi zilzila oqibatida halok bo`ldi. 3000 dan ortiq odam jarohat olgan. Shuningdek, 3 ta yirik ko`prik zarar ko`rgan. 1500 dan ortiq uy va bir qancha osmono`par binolar vayron bo`lgan.
Harbiy kengash ma`lumotlariga ko`ra, tabiiy ofatlarga qarshi kurash milliy qo`mitasi zilziladan jabr ko`rgan hududlarda favqulodda holat e`lon qildi. Qutqaruv-qidiruv ishlari davom etmoqda.
AQSh, Evropa Ittifoqi va uning ittifoqchilari, jumladan, Xitoy, Rossiya, Hindiston gumanitar yordam guruhi yuborishini ma`lum qildi. Xitoydan 100 mln yuanlik gumanitar yordam berilgan.
Ma`lumot uchun Tailand poytaxti Bangkokda esa zilzila oqibatida halok bo`lganlar soni 17 nafarga etdi, 32 kishi jarohatlanib, 83 kishi bedarak yo`qolgan.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev ushbu mamlakatlarda ro`y bergan kuchli zilzila oqibatida ko`plab insonlar halok bo`lgani va jabrlangani, jiddiy talafotlar ko`rilgani munosabati bilan Myanma Davlat boshqaruvi kengashi raisi, general Min Aung Hlaing hamda Tailand qiroliga hamdardlik maktubi yo`lladi.
Eslatib o`tamiz, Turkiyada ham 2023 yil 6 fevralda 7,7 balli zilzila sodir bo`lib, oqibatda 50 mingdan ortiq kishi qurbon bo`lgan.