Xalqaro mehnat tashkilotining 2025 yil uchun prognoziga ko`ra, 15 yoshdan 65 yoshgacha bo`lgan ayollarning ishchi kuchidagi ulushi turli mamlakatlarda 5,1 foizdan 87,2 foizgacha bo`lishi kutilmoqda.
Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida ishchi kuchida ayollar ishtiroki bo`yicha eng yuqori ko`rsatkich Qozog`istonda kuzatiladi: 76,1 foiz. Qirg`iziston va Turkmanistonda bu ko`rsatkich mos ravishda 56,9 va 52,6 foizni tashkil etmoqda. O`zbekiston esa bu borada faqat Tojikistondan oldinda: O`zbekistonda ayollarning mehnat bozoridagi ishtiroki 43,5 foiz bo`lsa, Tojikistonda 33,2 foiz.
E`tiborli tomoni, Xalqaro mehnat tashkiloti ma`lumotlariga ko`ra, yuqori va past daromadli mamlakatlarda ayollarning ish kuchida ishtiroki darajasi taxminan bir xil, ya`ni juda kambag`al yoki juda boy mamlakatlarda ayollar ishlashi ehtimoli yuqori, o`rtacha daromadli mamlakatlarda esa ayollarning mehnat bozoridagi ulushi kamroqdir.
Xususan, Shimoliy Koreya (87,2 foiz), Solomon orollari (84,3 foiz) va Madagaskar (84,2 foiz) kabi kambag`al mamlakatlarda ayollarning ishchi kuchidagi ulushi yuqori. Biroq Islandiya (84,1 foiz), Niderlandiya (82,4 foiz) va Shvesiya (82,2 foiz) kabi yuqori daromadli davlatlarda ham bu boradi o`xshash ko`rsatkich kuzatiladi.