O`zini o`zi band qilganlar faoliyat turlari qisqartirilmoqda

27.03.2025 21:44

19 mart kuni “Kichik va o`rta biznesning iqtisodiyotdagi o`rnini oshirish chora-tadbirlari to`g`risida” prezident qarori imzolandi (https://lex.uz/docs/7444738).

Tadbirkorlik sub`ektlarining yiriklashuvini rag`batlantirish maqsadida, 2025 yil 1 maydan e`tiboran, o`zini o`zi band qilgan shaxslar yakka tartibdagi tadbirkor yoki yuridik shaxs sifatida davlat ro`yxatidan o`tkazilganda, davlat boji undirilmaydi.

Shu bilan birga, 2026 yil 1 yanvardan boshlab, o`zini o`zi band qilgan shaxslar shug`ullanishi mumkin bo`lgan faoliyat turlari ro`yxati amaldagi 104 ta banddan 72 tagacha qisqaradi.

Quyidagilar ro`yxatdan chiqariladi:

1. Uyda yoki davlat ta`lim muassasalarining foydalanilmayotgan bino va inshootlari xonalarida repetitorlik qilish — bolalar va kattalar bilan ta`lim fanlari bo`yicha yakka tartibda hamda guruh bo`lib mashg`ulotlar o`tkazish

2. Xonalarni tozalash, jismoniy shaxs hududini obodonlashtirish va ko`kalamzorlashtirish

3. Uyda jismoniy shaxslarning mebellarini ta`mirlash va yig`ish

4. Jismoniy shaxslarga murakkab bo`lmagan umumiy qurilish, qurilish-ta`mirlash ishlari (beton quyish, bo`yoqchilik, suvoqchilik ishlari, g`isht va kafel terish, perforasiya, duradgorlik, chilangarlik va boshqa umumiy qurilish ishlari);

5. Jismoniy shaxslarning shaxsiy avtomobillarini mayda ta`mirlash, ularga aksessuarlar va avtosignalizasiya o`rnatish, g`iloflar va pol qoplamalarini tikish

6. Makulatura, plastik idish, temir-tersak va qo`shimcha xom ashyo to`plash

7. Yog`och me`morchiligi (bolalar maydonchalari va park zonalari uchun yog`ochdan yasalgan qurilmalar, haykallar)

8. Metall ta`mirlash ishlari (uyda amalga oshiriladigan maishiy metall buyumlarini ta`mirlash (kalitlarning dublikatlarini tayyorlash, soyabonlarni ta`mirlash, boshqa maishiy metall buyumlarini oddiy ta`mirlash)

9. Uyda popkorn, frezerda muzqaymoq tayyorlash va sotish

10. Dehqon bozorlarida qishloq xo`jaligi mahsulotlari bilan chakana savdo qilish

11. Gazetalar, jurnallar va kitob mahsulotlari bilan chakana savdo qilish

12. Sartaroshlik xizmatlari, manikyur, pedikyur xizmatlari

13. Kosmetolog xizmatlari va shunga o`xshash boshqa xizmatlar

14. Uyda kir yuvish va dazmollash xizmatlari

15. Tikuv, mo`yna, charm va trikotaj buyumlarni, bosh kiyimlarni va to`qimachilik galantereyasi buyumlarini ta`mirlash, aholining yakka tartibdagi buyurtmasi bo`yicha tikuv va trikotaj buyumlarini, bosh kiyimlarini va to`qimachilik galantereyasi buyumlarini tikish

16. Gazlamalarga naqshlar solish (gazlamalar va kiyim ashyolarini qo`lda bo`yash, gazlamalarga, shu jumladan trafaretli bosma va qo`lda rasm chizish usuli bilan rasmlar solish)

17. Yakka tartibda deraza va eshik pardalarini tikish va ta`mirlash, kashtachilik

18. Galantereya buyumlarini tayyorlash va ta`mirlash

19. Bijuteriya va jevaklarni tayyorlash va ta`mirlash

20. Gulchambarlar (shu jumladan, motam gulchambarlari), sun`iy gullar, ikebana, gul marjonlarini tayyorlash

21. To`siqlar, haykallar, metalldan yasalgan gulchambarlarni tayyorlash va ta`mirlash

22. Akvarium baliqlari, dekorativ qushlar va boshqa hayvonlarni ko`paytirish va sotish

23. Video va fotosuratga olish xizmatlari

24. Qadoqlash uskunalaridan foydalanmagan holda uy sharoitida milliy shirinliklar, qandolat mahsulotlarini tayyorlash va sotish

25. Salatlar va tuzlamalarni tayyorlash va sotish, shuningdek, uy sharoitida donalab sotiladigan taomlarning ayrim turlarini tayyorlash va o`tirish joylarini tashkil etmasdan yoki mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarori bilan ajratilgan maxsus joylarda sotish

26. Uyda quyib sotish uchun salqin ichimliklar, ayron, go`ja hamda qurt tayyorlash va sotish

27. To`garaklar tashkil etish va yuritish

28. Gullar va dekorativ daraxtlar etishtirish va sotish (shu jumladan, bonsay san`ati)

29. Reklama bukletlarini tarqatish, uyda operatorlar tomonidan buyurtmalar qabul qilish

30. Muqovalash ishlari

31. Gid (gid-tarjimon), ekskursiya etakchisi va yo`riqchi-yo`l boshlovchilar xizmatlari

32. Matnni yaratish va ishlov berish (kopirayter, rerayter, SEO-kopirayter, SEO-rerayter, musahhih, kontent-menejer, muharrir, e-mail orqali xatlarni jo`natish bo`yicha mutaxassis, spichrayter, transkriber va boshqalar)

33. Rieltorlik xizmatlarini ko`rsatish (ijaraga uy-joy topishda, shuningdek, uy-joy sotib olishda yordam berish)

34. Qishloq xo`jaligi mahsulotlarini mahallalarda yig`ish va faqat mahalliy eksport qiluvchi korxonalarga sotish.

2026 yil 1 yanvardan boshlab, ro`yxatga quyidagilar qo`shiladi:

elektron savdo maydonchalarida tovar va xizmatlarning chakana savdosi;
nomoddiy madaniy meros ob`ektlarini (dorboz, askiya va lapar) asrash va ulardan foydalanish (madaniyat markazlari tarkibida faoliyat yuritayotgan shaxslar bundan mustasno);
uy sharoitida xonaki tovuqlarni etishtirish va ko`paytirish.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
3
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар