Toshkent viloyati Piskent tumanida joylashgan 50-son manzil-koloniyada jazo muddatini o`tayotgan mahkum T.I. koloniya xodimlari tomonidan qiynoqqa solinib, so`ng asossiz ravishda intizomiy bo`linmaga joylashtirilgan. Bu haqda u Oliy Majlisning Inson huquqlari bo`yicha vakili (ombudsman)ga murojaat qilgan.
Ombudsman axborot xizmatining ma`lum qilishicha, mazkur holat joyiga chiqib o`rganilganda, mahkum T.I. Piskent tumani markaziy shifoxonasiga joylashtirilgani hamda shifokorlar xulosasiga ko`ra, uning bosh va ko`krak qismida lat eyish alomatlari aniqlangan.
“Ishga oid hujjatlar o`rganilganda, mahkum T.I. intizomiy bo`linmaga 2025 yil 27 fevral kuni joylashtirilgan va unga 10 sutkaga intizomiy bo`linmaga kiritib qo`yish haqida qaror qabul qilingan. Ushbu qaror Toshkent maxsus prokurori tomonidan o`rganilib, bekor qilingan hamda koloniya ma`muriyatining harakatlari Jinoyat-ijroiya kodeksining 105-moddasi (mahkumlarni intizomiy jazolash shartlari) va 111-moddasi (qo`pol tartibbuzarlik tushunchasi) talablariga zid deb topilgan”, deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, mahkum olti kun davomida asossiz ravishda intizomiy bo`linmada saqlanib, uning huquqlari va erkinliklari buzilgan. Shu sababli, Ombudsman tomonidan qonun talablari buzilishiga yo`l qo`ygan xodimlarga chora ko`rilishini so`rab O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga nazorat xati kiritilgan.
Eslatib o`tamiz, 18 mart kuni Senat beshinchi yalpi majlisida Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti boshqarma boshlig`i Sherzod Shermatov senatorning o`tgan 2024 yilda qiynoqlar oqibatida vafot etish holatlari va ularning sabablari haqidagi savolni ochiq qoldirgandi.
Shundan keyin Senat raisi Tanzila Norboeva Tergov departamenti boshqarma boshlig`iga ombudsman tomonidan o`tgan yili shunday turdagi holatlar yuzasidan qancha ariza tushgani bo`yicha savol berdi.
“Bizga kelgan arizalarni hamkorlikda ko`rib chiqyapmiz. Ushbu arizalar belgilangan muddatlarda javoblarni va amalga oshirilgan, ko`rib chiqilgan tekshiruv natijalar bo`yicha vaqtida axborotlarni berib bormoqdamiz. Hozir aniq hisobot, statistik ma`lumotlar yo`q”, deya javob berdi Shermatov.
Senat Raisi esa javobdan qoniqmadi va hisobotga tayyor bo`lib kelish kerakligini aytib, unga dakki berdi.