O`zbekistonda 11 ta davlat xizmatlari xususiy sektorga o`tkaziladi

03.03.2025 10:25

O`zbekistonda 2025 yil 1 iyuldan 11 ta davlat xizmatlari va funksiyalari xususiy sektorga o`tkaziladi. Bu haqda “Xizmatlar sohasi barqaror rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga oid qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi prezident qarorida belgilandi.

Unga ko`ra, tibbiyot tashkilotlarini akkreditasiyadan o`tkazish vakolati Sog`liqni saqlash vazirligidan sohadagi jamoat birlashmalari yoki uyushmalarga o`tkaziladi. Gid-tarjimon, ekskursiya etakchisi va yo`riqchi-yo`l boshlovchilarga malaka sertifikatini berish Turizm qo`mitasidan sohadagi jamoat birlashmalari yoki uyushmalarga o`tkaziladi.

Hisoblagichlarni qiyoslashdan o`tkazish Texnik jihatdan tartibga solish agentligidan akkreditasiydan o`tgan tadbirkorlik sub`ektlariga o`tkaziladi.

Karantin ostidagi mahsulotlarni zararsizlashtirish bo`yicha faoliyat Qishloq xo`jaligi vazirligi, O`simliklar karantini va himoyasi agentligidan lisenziyalash tartib-taomillaridan o`tgan tadbirkorlik sub`ektlariga beriladi.

Yakka tartibdagi uy-joylarning qurilish hamda rekonstruksiya qilish ishlari yuzasidan nazorat yuritish, kichik hajmdagi noturar bino va inshootlarning qurilishi hamda rekonstruksiya qilish ishlari yuzasidan nazorat yuritish Qurilish va uy-joy kommunal xo`jaligi vazirligidan arxitektura-shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqarish faoliyati uchun lisenziyaga ega sub`ektlarga o`tkaziladi.

O`zbekistonga olib kiriladigan “M” va “N” toifadagi g`ildirakli yangi transport vositalarini ekologik toifa talablariga muvofiqligini ekologik sertifikatlash Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim vazirligidan akkreditasiyadan o`tgan tadbirkorlik sub`ektlariga beriladi.

Quyidagi xizmatlat Davlat aktivlarini boshqarish agentligidan sohadagi jamoat birlashmalari yoki uyushmalarga o`tkaziladi:

rieltorlarning malaka imtihonini o`tkazish va ularga malaka sertifikatini berish;
baholovchining malaka imtihonini o`tkazish va ularga malaka sertifikatini berish;
sud boshqaruvchisi malaka attestatini berish;
baholovchilarga toifalar berish.

Eslatib o`tamiz, O`zbekistonda markaziy shifoxonalarda tibbiyot bilan bog`liq bo`lmagan xizmatlar ham xususiy sektorga o`tkaziladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoev 28 fevral kuni ijtimoiy sohada davlat-xususiy sheriklik loyihalarini samarali tashkil qilishga oid taqdimot bilan tanishganida ma`lum qilingandi. Taqdimotda tibbiyot, ta`lim, madaniyat va sport yo`nalishlarida davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish bo`yicha takliflar muhokama qilingandi. Hozirgi kunga qadar 43 ta madaniyat markazi xususiy sektorga berilgan bo`lib, yana qo`shimcha 127 tasini berish imkoniyati aniqlangan.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар