2025 yil "yashil energiya" ulushini 26 foizga chiqarish rejalashtirilgan. Buning uchun yana 3,5 gigavattli 16 ta yirik quyosh va shamol stansiyasi, 160 megavattli 5 ta yirik GES va 1,8 gigavattli energiya saqlash quvvatlari ishga tushiriladi.
Shuningdek, prezident Shavkat Mirziyoev tomonidan yana 1 gigavatt quvvatli loyihalarni shakllantirish bo`yicha ko`rsatma berildi.
Energetika vaziri Jo`rabek Mirzamahmudovning aytishicha, aholi va xo`jalik sub`ektlari binolari tomlarining kamida 50 foizida quyosh panellari o`rnatish rejalashtirilmoqda.
To`g`ri, quyosh panellari O`zbekiston sharoiti uchun eng maqbul quvvat bo`lib, uning afzallik tomonlari ko`p. Ammo ularning sifati bo`yicha kim javobgar? Misol uchun o`tgan yili panellar Xitoyning eng arzon va sifatsiz quyosh panellari ekani, qolaversa, geliyli akkumulyatorlar deb sotayotganlari, yarim geliyli, uzoq muddat tok bermaydigan, kafillik muddatiga javob bermaydigan, akkumulyatorlar, deya xabarlar tarqaldi.
Ya`ni, bu panellar osmonda bulut paydo bo`lishi bilan tok bermay qo`yadi. Odatda elektr energiya qishda ko`p kerak bo`ladi. Bu degani qishda, bulutli kunlarda elektr toki bermaydigan bunaqa quyosh panellarini sotib olishdan ne foyda?
Shuningdek, 2025 yil 1 yanvardan boshlab BNEF Tier-1 ro`yxatiga kirmagan kompaniyalar tomonidan ishlab chiqarilgan quyosh panellari, invertorlar va elektr energiyasini saqlash tizimlarini import qilish taqiqlanishi to`g`risida ham xabar berildi. (https://t.me/the_bakiroo/9156)Bu masalaga ham chora topilishi kerak.
Xabaringiz bor, so`nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda hamda ayrim ommaviy axborot vositalarining veb-saytlarida mamlakatimizning ba`zi bir hududlarida tadbirkorlik sub`ektlari quyosh panellari o`rnatishga majburlanayotgani, bu to`g`risida ayrim mutasaddi tashkilotlar tomonidan tegishli ravishda rasmiy xat ham yuborilayotgani va o`rnatmasa, elektr ta`minotidan uzib qo`yilishi to`g`risida tahdid bo`layotgani xususida shikoyatlar tarqaldi. Shamol bo`lmasa, daraxtning uchi qimirlamaydi, degan gap bor.
Biroq Energetika vazirligiga ko`ra, kimnidir quyosh paneli o`rnatishga majburlash, o`rnatilmagan taqdirda esa, uni tarmoqdan uzib qo`yish bilan ogohlantirish masalasi hech bir qonunchilik hujjatlarida belgilanmagan.
Demakki, bunday qilish qonunchilikka zid va Energetika vazirligi bu kabi xatti-harakatlarni mutlaqo yoqlamaydi.
Shunday ekan, agar yana shu kabi majburlashlar bo`lsa, Energetika vazirligining ushbu xabarini eslab o`tamiz.