2024 yil boshidan buyon 17 davlatda 54 nafar jurnalist xizmat vaqtida halok bo`ldi. Bu haqda «Chegara bilmas muxbirlar» xalqaro tashkiloti hisobotida aytiladi.
Jurnalistlarning yarmidan ko`pi (31) jangovar zonalarda halok bo`ldi, bu 2020 yildan beri eng yuqori ko`rsatkichdir. O`tgan yili jurnalistlar uchun eng xavfli hudud 16 jurnalist o`ldirilgan G`azo sektori bo`ldi. «Chegara bilmas muxbirlar» tashkilotiga ko`ra, ular Isroil armiyasi tomonidan o`ldirilgan.
Dunyoda 550 nafar jurnalist qamoqda. 2024 yilda hibsga olinganlar soni 7,2 foizga oshgan. Bunga Rossiya (yiliga +8 kishi) va Isroilda (+17) jurnalistlarni qamoqqa olishning yangi holatlari sabab bo`ldi.
Hibsga olingan jurnalistlarning deyarli yarmi to`rtta davlatda qamoqda: Xitoy (124 nafar, jumladan, Gonkongda 11 nafar), Myanma (61), Isroil (41) va Belarusda (40). Matbuot xodimlarining umumiy jazosi 250 yillik qamoqqa teng.
Tashkilot ma`lumotlariga ko`ra, 55 jurnalist garovda, ulardan 38 nafari Suriyada. 34 davlatda 95 nafar jurnalist bedarak yo`qolgan.
«Jurnalistlar o`lmaydi, o`ldiriladi, ular hokimiyat tomonidan qamalgan; ular g`oyib bo`lmaydi, o`g`irlanadi. Ko`pincha hukumatlar yoki qurolli guruhlar tomonidan uyushtirilgan bunday holatlar xalqaro huquqni buzadi va aksar hollarda jazosiz qoladi», — dedi tashkilot bosh direktori Tibo Brutten.