Tanqidiy maqolalar sabab zaharlangani aytilgan qo`qonlik bloger vafot etdi

15.09.2021 19:56

Farg`ona viloyati Sog`liqni saqlash boshqarmasi boshlig`i Husan Mamajonovning ma`lum qilishicha, bloger Iqbol Komiljonov 15 sentyabr kuni vafot etgan.

Bir hafta oldin qo`qonlik bloger Iqbol Komiljonov zaharlangani va og`ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgani haqida xabarlar tarqalgandi. 

«Iqbol Komiljonov 8 kundan beri kasallik bilan kurashishimizga qaramasdan vafot etdi. Hozirgi kundagi barcha diagnostik davolash ishlarini amalga oshirdik. Afsuski, kasallik o`z kuchini ko`rsatib, vatandoshimiz vafot etdi. Iqbol Komiljonov 7 sentyabr kuni og`ir ahvolda shifoxonaga kelishi bilan reanimasiyaga olingandi. Unga ikki tomonlama pnevmoniya, qandli diabetning 2-turi, yurak ishemik kasalligining ikkinchi turi hamda nafas va qon aylanish tizimining buzilishi tashxisi qo`yilgandi», – deydi Husan Mamajonov.

Iqbol Komiljonov Qo`qon shahridagi muammolarni yoritib boruvchi Facebook’dagi «Qo`qonjonim» guruhining asosiy mualliflaridan biri hisoblanadi. U kommunal soha, sog`liqni saqlash va xalq ta`limi tizimidagi muammolar yoritilgan keskin tanqidiy chiqishlari bilan tanilgan.

Ma`lum qilinishicha, Iqbol Komiljonov qorin sohasida og`riq paydo bo`lib, sog`lig`ida muammolar kuzatilgach, 7 sentyabr kuni davolanish maqsadida viloyat ko`p tarmoqli tibbiyot markaziga kelgan.

Unga hamrohlik qilgan yaqinlarining ta`kidlashicha, dastlab bemorning ovqatdan zaharlangani taxmin qilingan. Biroq keyinchalik shifokorlar bemorda zaharlanish alomatlari kuzatilmaganini aytgan.

«Iqboljonni o`sha kuni kasalxonaga o`g`li va jiyani bilan birga olib bordim. Qorin sohasi va ichaklarida kuchli og`riq borligini aytdi. Lekin hushi joyida edi. Qo`qondan o`zi keldi. Kasalxonaga ham o`zi yurib bordi. Men uni shifoxonaga joylashtirib, uyga ketdim. Kechasi ahvoli og`irlashib qolgani uchun reanimasiyaga olishgan.

Ertasiga zaharlanishga o`xshayapti, deyishdi. Keyingi kuni esa shifokor chiqib, ukam koronavirus bo`lganini, saturasiyasi 60 ga tushib ketganini aytdi. Lekin o`sha kuni topshirgan tahlillarida koronavirus aniqlanmadi. Shifoxonaga olib kelganimizda ham ukamda na yo`tal, na isitma, na og`riq bor edi. COVID-19 yoki pnevmoniyaning birorta belgisi yo`q edi. Shifokorlar bemorda qandli diabet va boshqa surunkali kasalliklari borligi uchun ahvoli birdaniga og`irlashib qolganini aytishyapti. Iqboljon bir-ikki oy ilgari koronavirusga chalingandi. Lekin kasallik juda engil o`tgandi. Shifoxonada joy yo`qligi uchun uyda davolangandi.

Bir hafta oldin Farg`onaga kelib, mukofot olib ketdi. Ikki kun avval ham kayfiyati, salomatligi juda yaxshi edi. Hayronman, soppa-sog` yurgan odam nega birdaniga og`irlashib qoldi?», dedi blogerning opasi Shoira Komiljonova.

Iqbol Komiljonovning opasi Xurshida Zokirovaning ma`lum qilishicha, blogerga koronavirus asoratlari, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo`yilgan. Bemor yaqinlarining tibbiy ekspertiza tayinlash haqidagi so`rovlari shifokorlar tomonidan rad etilgan.

«Ukamning holatini ko`rib, zaharlangan bo`lishi mumkinligini taxmin qildik. Shifokorlarga bizda shunaqa shubha bor, ekspertiza qilib beringlar, dedik. Ular bemorda zaharlanish belgilari yo`q, ekspertiza qilish shart emas, deyishdi. Bugun viloyat toksikologiya bo`limi boshlig`i kelgan ekan. Undan ukam zaharlangan bo`lishi mumkinmi, ekspertiza qildirsak, aniqlab beradimi, deb so`radik. U ekspertiza orqali bemordagi zaharli moddalarni aniqlash mumkinligini aytdi. Lekin bu erdagi shifokorlar endi foydasi yo`q, oradan 4 kun o`tdi, osma ukollar qilindi, bari bir qondan yuvilib ketgan bo`ladi, deyishyapti. Shunaqa ekan, nimaga kelgan kunimiz ekspertizaga ruxsat berishmadi?», – deydi Xurshida Zokirova.

Shifokorlarning ta`kidlashicha, bemor ko`p yillardan buyon qandli diabet bilan kurashib kelgan. Shuningdek, koronavirus infeksiyasiga chalingach, bemorda turli surunkali kasalliklar avj olgan. U shifoxonaga ichaklardagi muammo bilan murojaat qilgan.

«Bemorning yaqinlari zaharlanmaganmi, degan masalani qo`yyapti. Ekspertiza o`tkazib beringlar, deyishyapti. Bemorda qandli diabet xastaligi bo`lgan. Qolaversa, u yaqinda koronavirus bo`lgan ekan. Infeksiya o`pkaga o`tib, ikki tomonlama pnevmoniya rivojlangan. Tanadagi barcha xastaliklar birlashib, bosh miyaga ishemiya bergan. Bu bosh miya qon aylanishining o`tkir buzilishini keltirib chiqaradi.

Tananing ba`zi a`zolarida chirish boshlangan. Ana shu chirishning orqasidan zahar chiqqan. Ya`ni kasallik organizmni zaharlayapti. Bu ichki zaharlanish, u tashqaridan tushmagan», — deydi markaz shifokori Elmurod Yo`lchiev.

Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligining viloyat boshqarmasi rahbari Shohidbek Aslonovning ma`lum qilishicha, Iqbol Komiljonovning samarali mehnatlari inobatga olinib, «O`zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi» esdalik nishoni bilan taqdirlangan. Shuningdek, u «Eng ulug`, eng aziz» an`anaviy tanlovining viloyat bosqichida «Eng faol ijtimoiy tarmoq guruhi administratori» deb topilgan.

Manba: “Daryo”

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар