Afg`onistonlik jurnalist: biz har kuni uydan chiqishda vidolashamiz…

08.07.2021 19:35

Afg`oniston muammosi faqat Afg`onistonniki emas!

So`ngi paytlarda Afg`onistondagi vaziyat barchani tashvishga solmoqda. Internet saytlari, ijtimoiy tarmoqlar, umuman, dunyo OAVlari esa buni turli qarichda o`lchab, turli xil xabarlar tarqatmoqda. Rost.24.uz muxbiri Afg`oniston teleradiosida bir necha yil faoliyat yuritgan, 9 tilni biluvchi erkin jurnalist, Sunnatullah Saadat bilan suhbatlashib Afg`onistondagi asl vaziyat qandayligiga aniqlik kiritdi va «Tolibon» harakatiga Afg`oniston fuqarosi sifatida munosabatini o`rgandi.

Sunnatullah Saadat Afg`onistonning Qahhor viloyati Xo`ja Bahovuddin tumanida ulg`aygan, ayni kunda O`zbekistonda tadbirkorlik bilan shug`ullanmoqda.

Sunnatullah Qobuldagi maktabni tugatib televidenieda ishlagani, ammo, notinchlik tufayli Turkiyaga ketishga majbur bo`lganini alam bilan eslaydi.

– Afg`oniston deyilganda odamlarning ko`z oldiga urush, notinchlik, ilmsizlik keladi. Siz bunday fikrlarga qanday munosabat bildira olasiz?

Sunnatullah Saadat:

“Mana o`zingiz bilasiz, har erda men afg`onman, desangiz sizdan qochadi. Nima uchun, Afg`onistonda urush bo`layotgani uchun. Mana qirq yil bo`lyapti Afg`oniston urush bilan tanilgan. Ana shuning uchun boshqa davlatlarning xalqi afg`onistonliklardan qo`rqadi. Sizning mamlakatingizda urush bor, «Tolibon», «Haqqoniy», «Al-qoida» bor, deyishadi. Bizni ham ulardan hisoblashadi. Ammo unaqa emas. Afg`onistonda ilm insonlari ham ko`p, tinchlik bo`lmagani uchun ko`proq yoshlarimiz Afg`onistondan qochadilar.”

Afg`onistonlik jurnalist mamlakatdagi so`nggi voqealarni izohlar ekan, O`zbekiston ham, butun dunyo ham Afg`oniston xalqining asl vaziyati haqida to`g`ri axborot bermasligini aytadi. Natijada esa urushlardan bezgan oddiy aholi vakillari chet ellarda ham turli qiyinchiliklarga uchrayotganining guvohi bo`lish mumkin.

“Shuning uchun biz dunyo hamjamiyatidan shuni istaymizki, Afg`onistonni biroz tushunsinlar, yordam etsinlar, Hozirgi paytda Afg`oniston millatining bunga zarurati bor.”

Notinchlik aynan mamlakatning shimoliy hududlarida avj olayotganini esa ushbu hududlarda o`zbek va tojiklarning ko`proq yashashi, ular esa Afg`oniston hukumatiga ko`p bor qarshi chiqishgani bilan izohlaydi. Afg`onistonda ham ko`plab millatlar yashashi, ammo, ular bir-birini qabul qilmasligi, Sunnatullahning fikricha, mamlakatning eng katta muammosi.

– Bolaligingiz Afg`onistonda qanday kechgan?

“Bolaligim yaxshi kechgan. 2001 yil «Tolibon» maydondan ketgach hayot yaxshi bo`ldi. Ijobiy o`zgarishlar ancha ko`paydi. Ammo 2014 yildan boshlab yana Afg`oniston yaxshi kunni ko`rmadi. So`ng yana «Tolibon» sahnaga keldi, yana urush...

Masalan Afg`onistondagi vaziyat qanday bo`lgan: erta bilan chiqasiz, hamma bilan vidolashib xayrlashasiz. Oqshom uyga qaytib kelish kelmasligingiz dargumon. Umidingiz yo`qda."

– Tolibon agar hukumat tepasiga kelsa, nimalar ro`y berishi mumkin?

“Agar 20 yil orqaga qaytsak, 2001 yilda «Tolibon» o`rtadan ketgan edi. Undan ilgari «Tolibon» 5 yil hukumat tepasida bo`ldi. Bu besh yil uchun hamma norozi. Zo`rlik bilan hokimiyat qilgan edilar. Zo`rlik bilan xotinlarga zug`um qilinib, hijobga, islomiy qoidalarga kuch bilan bo`ysundirishlar bo`ldi. Televidenieni, mediani, demokratiyani xohlamas edilar. Ular ketgach demokratiya rivojlandi. Hozirgi kunda Afg`onistonda 43 ta telekanal bor. Ammo Afg`oniston demokratiyasidan ham xalqimiz rozi emas. Chunki hozirgi vaqtda yoshlar ko`proq ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishadi. Har kimning o`z sahifàsi bor. Hozir erkin jurnalistlar ko`proq, ular Afg`oniston hukumati haqida nimadir yozsa, uning sahifasini bloklaydilar. Ammo asosiy qonunimiz (Konstitusiya)ning 34-moddasida «Har kim o`z ichidagi gaplarni boshqalarga bayon qilib bera olishi mumkin»ligi belgilab berilgan.”

Shuningdek, Sunnatullah Saadat muxbirimizning Afg`oniston hukumati va «Tolibon» muzokaralar uchun kirishishdi, navbatdagi muzokaralardan foyda bormi, qabilidagi savoliga, shu paytgacha bunday muzokaralardan foyda bo`lmagani, agar Afg`oniston hukumati jim tursa, ular poytaxtni ham qo`lga olishi mumkin, deya javob berdi. Uning fikricha, Afg`oniston hududiga tinchlik o`rnatish maqsadida kelgan Amerika qo`shinlari ham xalqning dardiga darmon bo`la olmagan. 

“Ular o`z manfaati uchun kelib, ishi bitgach qaytib ketmoqda. Parvon viloyatining Bagrom tumanidagi Amerika qo`shin bazasidan hamma olib ketadigan narsalarini olib ketdi, olib ketolmagan narsalarini buzdilar, niyati Afg`oniston askarlari foydalana olmasin.”

«Tolibon» harakati haqida Sunnatullahning aytgan gaplari, agar u Afg`onistonga boradigan bo`lsa unga juda katta muammolar tug`dirishi mumkinligini aytilganida u jurnalist ekanligini, agar o`z xavfsizligini o`ylaganida jurnalist bo`lmasligini jasorat bilan ta`kidladi:

"Mamlakatda qancha hamkasblari, birodarlarim, yaxshi-yaxshi ilmli yoshlar o`ldi. Bunga «Tolibon» aybdormi, hukumatmi hech kim bilmaydi, biroq, haqiqat aytilishi kerak. Hech kim xavfsizligimni ta`minlashini ham istamayman. Afg`onistonga shu kunlarda boraman, oilamni ko`raman, boshqalar o`ldi-ketdi, menga ham navbat etib kelsa ularning qatoriga qo`shilaman, tamom. Afg`oniston xalqining ahvoli juda og`ir, ular «o`lim» tushunchasi bilan yonma-yon yashashadi. Ertalab uydan ketishda oilamiz bilan xayrlashib ketamiz, chunki, kechqurun qaytmasligimiz mumkin.

Muammo shunchalik ko`p, ammo eng dolzarbi bari bir tinchlikning yo`qligi. Xavfsizlik yo`q – boshqa narsalarni o`ylashga vaqt ham yo`q.

Mening qo`shni davlatlardan iltimosim shuki, Afg`oniston xalqining va davlatining qo`lidan tutsinlar."

Muxbirimizning dunyo butun boshli mamlakat ahlining o`lib ketishga jimgina qarab turibdimi, degan savolga Sunnatullah Saadat shunday javob berdi:

"Dunyo OAVlari Afg`onistonning orqa tomonini, qora tomonini ko`rsatishadi. Afg`onistonning pozitiv jihatlarini ko`rsatmaydilar. Qachonki biron joyi portlasa, vayron bo`lsa keyin mediaga chiqadi. Dunyo medianing ustida yuradi, uni media boshqaradi. Yoshlarimizdan shuni so`raymanki, faqat negativ narsalarning ustidan yurmasinlar, Afg`onistonning juda chiroyli joylari, Bandi Kamolxon, Bobur madrasasi, bog`lari, shoirlar maqbaralari bor. Men buni ayrim toshkentliklarga isbotlab berdim, ular tinchlik bo`lsa, albatta, Afg`onistonga borishlarini aytishdi.

Mana shu tinchlik bo`lmagani uchun hech kim Afg`onistonga investisiya kiritmaydi. Ammo tinchlik bo`lsa ular sabr qilib, mamlakatni gullab yashnashi uchun qo`ldan kelgancha harakat qiladi."

U afg`on xalqining hurmat qilinishini xohlaydi, chunki u turli davlatlarni kezib har doim afg`onligi uchun qiyinchilikka uchragan. Hatto O`zbekiston Elchixonasida ham unga afg`onligi uchun boshqacha muomala qilgani, bu esa unga juda og`ir botganini aytadi.

“Siz ham inson, men ham inson. Nimaga kerak ayrichilik?”

Sunnatullah Saadat Turkiya va boshqa mamlakatlarda, O`zbekistonda ham ishlari yaxshi bo`lsa ham agar qachondir Afg`onistonda tinchlik bo`lsa, albatta, oilasi bilan u erda yashashini va farzandining o`z vatanida ulg`ayishini istaydi.

Hulkar Murtazoeva suhbatlashdi,

Quvonch To`raev (video)

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
2
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
20.08.2021 19:39
1979 yil bobolari sovetlarni qo'llab yuborganda edi hammasi boshqacha bulardi g'arb davlatlari butun tarix davomida hech qaysi davlatga yaxshilik olib kelmagan.