Xotinidan jabr ko`rgan sharqning mashhur shaxslari

03.04.2021 12:15

Bu dunyoning bir kami hech to`lmaydi. Kimningdir behisob boyligi boru baxtsiz, yana kimdir juda iste`dodli lekin buni ko`rsatishga imkoniyati yo`q. Taqdir, u hammani o`z sinovlari bilan sinaydi, turli vaziyatlarga soladi. Hamma zamonlarda ham insonlarning xarakteri va holatidan aziyat chekkan taqdirlar uchragan. Quyida oilasi, xususan rafiqasidan aziyat chekkan tarixiy shaxslar haqida ma`lumot beramiz.

BOBURGA SUYaNChIQ BO`LISh O`RNIGA UNI TAShLAB KETGAN RAFIQASI...

Shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur hayotida vatan sog`inchidan tashqari ko`plab azoblarga, xiyonatlarga uchragan. Masalan, Bobur urushlardan charchagan, og`ir bir vaziyatda birinchi rafiqasi Oyishabegim Boburga suyanchiq bo`lish o`rniga uni tashlab ketadi, to`g`rirog`i Bobur bilan ketish o`rniga Toshkentda, opasi Roziya Sulton yonida qolishni o`ylaydi. Qiyinchiliklardan cho`chiydi, taqdir sinovlarida sinalishi kerak bo`lgan oilasidan kechib yuboradi va Boburdan o`z javobini olib opasi bilan Toshkentda qoladi. Ammo ko`p o`tmay, Toshkent Shayboniyxon tomonidan bosib olinadi va Oyishabegim Shayboniyxon beklaridan biriga xotinlikka berib yuboriladi. Oyishabegim Bobur bilan ketmagan, undan voz kechgan bo`lsa-da, bu voqeadan Bobur qattiq azoblangan.

Xususan, Pirimqul Qodirovning «Yulduzli tunlar» romanida Bobur mirzo va rafiqasi Oyishabegim munosabatlari quyidagicha yakun topadi.

Darvish bo`lib tog`larga chiqib ketmoqchimen. Siz esa shoh qizisiz... Oling, gavharlaringizni!.. Balki yana boshqa biron... najotkoringizga sovg`a qilursiz!

Oyisha begim xaltachani olar ekan, achchiq bilan bidillab dedi:

— Meni yana tashlab ketadigan bo`lsangiz, javobimni berib keting!

— Shundoqmi? Ajrashmoqchimisiz?

— Ha. Ajrashamen!

— Bo`lmasa... bugundan boshlab menga xotin emassiz!

XADIChA BEGIMNING HASADI...

Xadicha begim 1451 yilda Hirotda tug`ilib, 1457 yilda Sulton Abusayid Mirzo Hirotni olgach, unga hadya etilgan xos kanizaklardan biri edi. Sulton Abusayid Mirzo Xadicha begimni 1465 yilda o`z nikohiga kiritadi. Sulton Abusayid Mirzodan Oqbegim ismli bir qiz ham bo`lgan. 1469 yilda Sulton Abusayid Mirzo Iroqda halokatga uchragach, Hirot taxtiga o`tirgan Sulton Husayn Mirzo Boyqaro marhum Sulton Abusayid Mirzo haramida Xadicha begimni ko`rib, uni sevib qoladi va shar`iy iddasi (uch oy) tugagach, o`z nikohiga kiritadi.

Darhaqiqat, Xadicha begim tez fursatda o`zining jozibali husn-latofatiyu makkorona iltifotlari bilan Sulton Husayn Boyqaroni o`ziga rom qilib, haramda ulug` bekalik o`rnini egallaydi.

Sulton Husayn Boyqaroning xotinlari va xos kanizaklaridan 14 o`g`il va 11 qizi bor edi. Shohg`arib Mirzo, Muzaffar Husayn Mirzolar Xadicha begimdan tug`ilgan edilar.

Xadicha begim o`z farzandi – tantiq va shuhratparast Muzaffar Husayn Mirzoni Sultonning barcha o`g`illaridan ustun qo`yishga jon-jahdi ila harakat qilardi. Binobarin, turli makr-hiylalar ishlatib, ota bilan o`g`illar o`rtasida nizo chiqarishga muvaffaq bo`ladi. Bu nizolar ko`pincha qonli jangu jadallar bilan tugardi. Sulton Husayn Boyqaro tobora Xadicha begimning makriga uchib, Muzaffar Husayn Mirzodan bo`lak o`g`illariga unchalik iltifot ko`rsatmas va xavf-xatarda yurardi. Xadicha begim o`g`li Muzaffar Husayn Mirzoni ota taxtiga valiahd qilib tayinlatish masalasida xufiyona harakatni boshlab yuboradi. Ammo valiahdlik haqqi taomilga ko`ra, Sultonning katta o`g`li Badiuz-Zamon Mirzoniki (1458-1511) edi. Garchi Sulton Husayn Boyqaro Badiuz-Zamon Mirzoni unchalik suymasada, har holda uni rozi qilishi lozim edi.

Ayni vaqtda, Alisher Navoiy boshliq saroy ahlining ko`pchiligi valiahdlikka Badiuz-Zamon Mirzoning 11 yashar o`g`li – Mo`min Mirzoni (1486-1497) munosib hisoblar va bu haqda mulohazalarini Sultonga ochiq bildirgan edilar. Tabiiyki, arkoni davlat orasida bo`layotgan bunday mulohazalar Xadicha begimning hasad olovini alangalatmasdan qo`ymasdi.

1497 yil bahorida Sulton Hisorga qarshi yurish boshlaydi. Sultonning farmoniga ko`ra, Astrobodda hukmron bo`lib turgan Badiuz-Zamon o`z o`rniga o`g`li Muhammad Mo`min Mirzoni qo`yib, o`zi otasining qo`shiniga kelib qo`shiladi. Jang tugagach, Sulton Husayn Boyqaro o`g`li Badiuz-Zamon Mirzoni Balx viloyatiga, suyukli o`g`li Muzaffar Husayn Mirzoni esa Astrobodga hokim qilib tayinlaydi.

Sultonning bu farmoni Badiuz-Zamon Mirzoning hamiyatiga tegadi. Chunki Astrobodni o`g`li Mo`min Mirzoga in`om qilish taraddudida edi. Binobarin, Badiuz-Zamon o`z o`g`liga Astrobodni qo`ldan boy bermaslik haqida xabar yuboradi. Bu mojaro Sulton bilan Badiuz-Zamon Mirzo orasida qonli to`qnashuvga sabab bo`ladi. 1497 yil 2 mayda Badiuz-Zamon qo`shini tor-mor keltiriladi. Ayni vaqtda Muzaffar Husayn Mirzoning qo`shini Astrobodni zabt etib, Muhammad Mo`min Mirzoni asirga oladi va Hirotga keltirib, Ixtiyoriddin qal`asiga qamaydilar. Ko`pdan beri qulay vaziyatni kutib yotgan Xadicha begim Murg`ob harbiy o`rdagohida vazir Nizom ul-Mulk ishtirokida Sultonning mastligidan foydalanib, Muhammad Mo`min Mirzoni zudlik bilan qatl etish haqidagi farmonga muhr bostirib oladi va o`sha kechasiyoq hukm ijro etiladi.

1506 yil aprelda Sulton Husayn Boyqaro vafot etadi. Xadicha begimning kaltabinlik ila saltanat ishlariga aralashuvi natijasi o`laroq, taxtga ikki shahzoda – Badiuz-Zamon Mirzo va Muzaffar Husayn Mirzo o`tiradi.

QAShShOQLIKDA VAFOT ETGAN MALIKA...

Turkon xotun (asli Terkan «oliy nasabli», «zodagon oilaga xos») Anushtegin asos solgan Xorazmshohlar sulolasining so`nggi hukmdori Alouddin Muhammad Xorazmshoh (1200-20)ning onasi.

Juvayniyning ta`kidlashicha, Turkon xotun qang`li urug`idan bo`lgan qipchoq xoni Aqraning qizi edi. Tarixiy manbalarda ta`kidlanishicha, Sulton Muhammad hukmronligi davrida Turkon xotun saltanat ishlarida etakchi mavqeni egallagan, uning farmoyishlari va maslahatlari o`g`li tomonidan so`zsiz bajarilgan.

Turkon xotunning rahnamoligida saroy ahli, zodagonlar bir necha guruhga bo`linib, o`zaro adovat qilganlar. Qipchoqlardan tashkil etilgan oliy martabali sarkardalar Turkon xotun bilan yaqin bo`lib, aksariyat saroyda sultonga qarshi bo`lib turgan biror-bir guruhga boshchilik qilganlar. Saltanat ishlari deyarli Turkon xotun tomonidan boshqarilgan. Ko`p hollarda Muhammad Xorazmshoh. tarafidan e`lon qilingan hukm va farmoyishlar Turkon xotun tomonidan hech qanday asossiz, kengashsiz bekor qilinar edi.

Ibn Yasirning qayd etishicha, Turkon xotun 1220 y. Ilol qal`asida mo`g`ullarga asir tushadi va xizmatkorlari bilan birgalikda Toliqonda turgan Chingizxon huzuriga etkaziladi. Asirlar safida bo`lgan vazir Malik Nosiruddin Hazoraspiy qattiq qiynoqlarga solinadi va sultonning farzandlari qatori qatl etiladi. Mo`g`uliston tomon otlangan Chingizxon bir necha kun Samarqandda to`xtashga qaror qiladi hamda Turkon xotun va sultonning omon qolgan xotinlariga xorazmshohlar saltanati uchun aza ochish, ya`ni mo`g`ul askarlari oldiga chiqib baland ovoz bilan yig`lashni buyuradi. Chingizxon ko`rsatmasiga binoan, Qoraqurumga keltirilgan Turkon xotun qashshoqlikda umr kechiradi va shu erda vafot etadi.

MODDIY MUHTOJLIK SABAB BUZILGAN OILA...

Muqumiy nomi bilan tanilgan Muhammad Aminxo`ja Qo`qonda tavallud topgan. U Buxoro madrasasini tamomlab Qo`qonga qaytadi va uylanadi. Shoir dastlab er qurilishi mahkamasida mirzalik, so`ngra Sirdaryo yoqasida joylashgan Oqjardagi paromda pattachilik qiladi.

Moddiy muhtojlik Muqumiy oilasining buzilishiga olib keladi. Xotini o`g`lini onasiga tashlab, boshqa kishiga turmushga chiqadi. Shoir o`z ota hovlisini tark etib, shu mahallada joylashgan Hazrat madrasasidan bir hujra oladi. Shu hujrada tang va torlikda bekaslik va g`ariblik chirog`ini yoqib, muhtojlikda umr o`tkazadi.

“O`ShA ODAM SIZMI, OTAM 10 DINORGA QULLIKDAN QUTQARIB OLGAN”

Sa`diy Sheroziy (Shayx Sa`diy) 1203 yil Sheroz shahrida tug`ilgan. 10-11 yoshida otasidan etim qolgan. Manbalarda Sheroziyni qul qilib Trabolis handaqini qazishda ishlatgani aytiladi. U erda bir tanishi Sheroziyni 10 dinorga asirlikdan qutqarib oladi va 100 dinor qalin puli evaziga qiziga uylantirib qo`yadi. Qiz esa badfe`l bo`lib, bir kuni kelishmovchilik yuzaga kelganida xotini unga “O`sha odam sizmi, otam 10 dinorga qullikdan qutqarib olgan”, deb yuziga soladi.

Shunda Sa`diy Sheroziy “Ha, o`sha men otang 10 dinor bilan qutqarib olib, 100 dinor evaziga changalingga tashlagan odam men bo`laman”, deydi.

“Guliston” va “Bo`ston” asarlari muallifi Sheroziy 13 asr o`rtalarida Sherozga qaytib kelib, bir honaqoda faqir yashab, 1292 yil vafot etadi.

Shahrinoz JO`RAEVA,

Abror ShOMAMATOV,

O`zJOKU 1-bosqich talabalari

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
17
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
03.04.2021 18:37
Тарихни оддий рангларда лунда, тушинарли еритиб берганларинг учун сизларга сизларга рахмат, бизларни утмишимиз билан худди шундай оддий тилда таништираверинглар, яна бир марта рахмат...
03.04.2021 18:36
Тарихни оддий рангларда лунда, тушинарли еритиб берганларинг учун сизларга сизларга рахмат, бизларни утмишимиз билан худди шундай оддий тилда таништираверинглар, яна бир марта рахмат...